Dagʻalbargli yurineya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Dagʻalbargli yurineya
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Gulli oʻsimliklar
Sinf: Ikki urugʻpallalilar
Turkum: Yurineya
Oila: Murakkabguldoshlar
Binar nomi
Jurinea asperifolia

Dagʻalbargli yurineya (Jurinea asperifolia) — murakkabguldoshlar oilasi, yurineya turkumiga kiruvchi ko‘p yillik, gulli o‘simlik turi. O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Qashqadaryo viloyati hududida uchraydi[1].

Tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Balandligi 80 sm ga yetuvchi ko‘p yillik o‘t o‘simlik, kuchli ildiz tizimiga ega. Poyasi bir nechta tik, oddiy, yupqa, qirrali, bezchasimon tuklar bilan qoplangan. Barglari yashil, ustki tomoni biroz bujmaygan g‘adir—budir, pastki qismi ingichka tuklar bilan qoplangan. Ildizoldi va poyaning pastki qismidagi barglari bandli, lirasimon. Poyaning o‘rta qismidagi barglari bandsiz, poya yuqorisida joylashgan barglar biroz kichikroq, butun va qalami shaklda. Gullari quvur shaklida, ikki jinsli, to‘pgulda joylashgan. To‘pguli savatcha shaklida. Savatchasi yakka joylashgan, ko‘p gulli, diametri 5-6 sm. Sirtqi va o'rtadagi o‘rama barglari nashtarsimon, ustki tomonidagilari to‘q yashil rangda. Gultojibarglari qirmizi-pushti rangda, tashqi tomoni bezchali. Unib chiqqanining 5—6—yilidan boshlab gullab urug‘ bera boshlaydi. Iyun-iyul oylarida gullab, mevasi iyul-avgust oylarida yetilib pishadi. Urug‘i teskari piramidasimon shaklda. Urug‘i va vegetativ yo‘l bilan ko'payadi.

Tarqalishi va o‘sish sharoiti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tabiatda kam uchrovchi endemik tur hisoblanadi. O'zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan. Qashqadaryo viloyati, Hisor tizmasining g‘arbiy qismida tarqalgan. Tog'ning o‘rta qismidagi ohaktoshli, toshli surilmalarda, karbonatlar parchalanishidan hosil bo‘lgan tuproqlarda o‘sadi. Hisor davlat qoʻriqxonasi hududida muhofaza ostiga olingan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Jurinea asperifolia“.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.