Dafn marosimi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Dafn marosimi — marhumni koʻmish bilan bogʻliq boʻlgan marosim va urfodatlar. D. m. insoniyat paydo boʻlganidan buyen geografik muhit, ijtimoiy hayot va kishilarning imkoniyatlari, shuningdek, tabiiy-ilmiy tasavvurlariga va dunyoqarashiga bogʻliq holda oʻzgarib borgan. Bundan 40—18 ming yil oldingi paleolit davridayoq D. m. oshkora liniy tuye olgan. Keyinchalik D. m. har bir dinning tarkibiy qismi hisoblangan liniy marosim va urf-odatlar bilan qorishib ketgan. D. m. hamma xalqlarda oʻziga xos rasm-rusumlarga, qoidalarga ega. Mas, slavyanlarda vafot etgan kishi bilan vidolashuv 3 kungacha davom etadi, marhum qabrga tobut bilan qoʻyiladi. Hinduizm diniga eʼtiqod qiluvchi xalqlarda, mas, hindlarda marhum jasadini maxsus gulxanda kuydirib, kulini daryoga tashlaydilar. Dafn gulxani marhumning oʻgʻillari yoki eng yaqin qarindoshlari to-monidan yoqiladi. Keyinchalik gulxan oʻrnida marhumga bagʻishlangan marosimlar oʻtkaziladi. Parsizm (zoroastrizm)ga eʼtiqod qiluvchi Jan. Osiyodagi bir qancha xalqlar marhumning jasadini maxsus minoradaxmalarga qoʻyib, quzgʻunlarga yediradilar (shunday daxmalar Bombay sh.ning gʻarbiy chekkasida hozir ham bor).

Oʻzbeklarda D. m. katta yigʻin hisoblanadi. Marhumning boshini qiblaga qaratib yotqizib qoʻyadilar. Koʻzlari ochiq qolgan boʻlsa, yumib qoʻyadilar, engagini bogʻlaydilar, oyoqlarining bosh barmoklarini birlashtirib bogʻlab qoʻyadilar. Marhumning qarindoshlari uzoq-yaqindan yigʻilib kelgunga qadar (baʼzan bir kecha-kunduzgacha) kutiladi. Mahalla, qishloqlarga dafn soati toʻgʻrisida xabar beriladi. Yaqin qarindoshlar yigʻilishadi, uydagilar har bir yangi kelgan qarindoshlarga qoʻshilib dam-badam marhumga madh aytib, uning fazilatlarini gapirib yigʻlashadi. D. m., odatda, bomdod, peshin yoki asrga moʻljallanadi. Maxsus yuvuvchi (gʻassol, murdashoʻy) murdani sartaxtada yuvib (gʻusl), oq mato (maxsus doka) dan qilingan kafanga oʻraydi. D. m. qatnashuvchilari yigʻilib boʻlgach, mayyit tobutga olinadi. Tobut eshikdan emas, balki derazadan oyoq tomoni bilan chiqariladi. Masjidda yoki marhumning hovlisida janoza marosimi oʻtkaziladi. Marhumni faqat erkaklar koʻtarib, hovlidan koʻchaga (agar marhum yosh boʻlsa amakilari yoki akalari, keksa boʻlsa oʻgʻillari yoki eng yaqin qarindoshlari) chiqarishadi. Koʻchada shoti singari yogʻoch anbar ustiga tobutni qoʻyib, toʻrt kishi yelkasiga koʻtaradi (marhumning yoshi va jinsiga qarab anbar motam pardasi — keksa erkaklarga oq surp, ayollarga — oddiy mursak, paranji; yigitlarga qizil rangli yoki duxoba mato, juvon-qizlarga duxoba paranji yoki kizil duxoba mato bilan oʻrab qoʻyilgan), qolgan kishilar tobut ortidan boradi. Boshqalar ularga koʻmaklashadi. Tobutkashlar tez-tez almashinib, tezlikda qabristonga olib boriladi. Qabristonga borgach, tayyorlab qoʻyilgan goʻr oldida marhum tobutdan olinib, kafanga oʻralgan xrlda goʻrkovga uzatiladi, goʻrkov uni goʻrga yuzini qibla (gʻarb) ga qara-tib yotqizib qoʻyib chiqadi (aksariyat yaqin qarindosh-urugʻlarni maxsus ajratilgan joyga — xilxonaga koʻmish odati ham bor). Oʻlik goʻrga qoʻyilgach, kishilar goʻrkov tutgan ketmonga bir siqimdan tuproq tashlaganlar. Goʻrkov tuproqni marhumning boshi ostiga toʻkkan. Soʻngra goʻrning ogʻzi berkitilib, tuproq tortilgan. Dafn tugaganidan soʻng goʻrkov yoki boshqa kishi D. m. qatnashuvchilariga murojaat qilib, oʻlikning nomini aytib: "Qanday odam edi", deb soʻraydi, hozir turganlar esa "yaxshi odam edi" degan javobni beradilar. Bu soʻroq va javob faqat erkaklarga taalluqli (xotinlar erining ixtiyorida boʻlgani uchun, xotinlarga yaxshi yoki yomon deb baho berishga erdan boshqa hech kimning haqi yoʻq). Shundan keyin goʻrkov hamma kelganlarga rahmat aytib, tarqalishga ruxsat beradi. Baʼzan dafnga kelganlarga pul, roʻmolcha, sochiq, sovun, kiyimlik ulashiladi, bu odatni xayrot, isqot deb ataydilar. Mozorga borganlar marhumning uyiga kelib fotiha oʻqib tarqaladilar.

Ochil Boʻriyev.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil