Daʼvoni taʼminlash

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Daʼvoni taʼminlash - sud yoki arbitraj chiqaradigan qaror ijrosining asosliligini taʼminlovchi choralarni koʻrish; daʼvogar manfaatlarini himoya qilishning kafolatlaridan biri. Oʻzbekiston Respublikasi FPKga binoan sud (sudya) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasiga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan D. t. choralarini koʻrishi mumkin. D. t. choralarini koʻrmaslik sud chiqargan hal qiluv qarorining ijrosini qiyinlashtirsa yoki uni bajarib boʻlmaydigan qilib qoʻysa, D. t.ga yoʻl qoʻyiladi. Quyidagilar D.t. choralari boʻlishi mumkin:1) javobgarga tegishli boʻlgan va uning oʻzida yoki boshqa shaxsda turgan mol-mulk yoxud pul summasini xatlash; 2) javobgarning muayyan harakatlarni amalga oshirishini taqiqlash; 3) boshqa shaxslarning javobgarga mol-mulk berishini yoki unga nisbatan boshqa majburiyatlarni bajarishini taqiqlash; 4) mol-mulkni xatlashdan chiqarish toʻgʻrisida daʼvo qoʻzgʻatilgan taqdirda, uni sotishni toʻxtatish; 5) agar qarzdor ijro hujjati yuzasidan daʼvo tartibida nizolashayotgan boʻlsa va bunday nizolashishga qonun hujjatlarida yoʻl qoʻyilsa, bu hujjat boʻyicha undiruvni toʻxtatish. Ish haqini, daromadni, pensiya va stipendiyani xatlash orqali D. t. ga yoʻl qoʻyilmaydi. Zarur hrllarda sud D. t. chorasining bir necha turini qoʻllashi mumkin, lekin umumiy summa daʼvo bahosidan oshib ketmasligi kerak. D. t. toʻgʻrisidagi ariza ishni koʻrayotgan sudya (sud) tomonidan tushgan kuniyoq javobgarni va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarni xabardor qilmagan holda hal etiladi (FPK, 248—258-moddalar).

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil