Daʼvo muddati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Daʼvo muddati – shaxs oʻzining buzilgan huquqini daʼvo qoʻzgʻatish yoʻli bilan himoya qilishi mumkin boʻlgan muddat. Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik Kodeksiga koʻra, umumiy daʼvo muddati 3 yil qilib belgilangan. Ayrim turdagi talablar uchun qonunlarda umumiy daʼvo muddatiga qaraganda qisqartirilgan yoki uzaytirilgan daʼvo muddati belgilanishi mumkin. Daʼvo muddatlari va ularni hisoblash tartibi taraflarning kelishuvi bilan oʻzgartirilishi mumkin emas. Buzilgan huquqni himoya qilish talabi daʼvo muddati oʻtganligidan qatʼi nazar, sudda koʻrib chiqish uchun qabul etiladi va ushbu muddat sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqarguniga qadar bergan arizasiga muvofiq qoʻllanadi. Qonunda daʼvo muddati joriy qilinmaydigan talablar ham koʻzda tutilgan, ular sirasiga quyidagilar kiradi: shaxsiy nomulkiy huquqlarni va boshqa nomoddiy boyliklarni himoya qilish haqidagi talablar; omonatchilarning oʻz omonatlarini berish toʻgʻrisida bank oldiga qoʻyadigan talablari; fuqaroning hayotiga yoki sogligʻiga yetkazilgan zararni toʻlash haqidagi talablar; jinoyat tufayli yetkazilgan zararni toʻlash haqidagi talablar; mulkdorning yoki boshqa egalik qiluvchining oʻz huquqini har qanday buzishlarni bartaraf etish haqidagi talablari; mamlakat mustaqilligi eʼlon qilinishidan oldin uning chegaralaridan tashqariga olib chiqib ketilgan tarixiy, madaniy va ilmiy-badiiy qiymatga ega boʻlgan mol-mulkni va boshqa qimmatbaho obʼyektlarni qaytarib berish haqidagi talablar; qonunda belgilangan hollardagi boshqa talablar. Daʼvo muddati bilan bogʻliq qonun-qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining tegishli moddalarida koʻrsatilgan.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil