Choʻponzoda

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bekir Vagap oʻgʻli Choʻponzoda [1893.15(27).5, Simferopol uyezdi Argʻun qishlogʻi — 1937.13.10, Boku] — krim-tatar shoiri, adabiyotshunos, turkiyshunos. Ch.ning adabiy faoliyati 1913-yilda "Onang qayda?" dostoni bilan boshlangan. Uning Turkiya, Vengriya, Krim va Kavkazda yozgan sheʼrlari "Boʻron" (1928) toʻplamidan oʻrin olgan. Choʻponzodaning keyingi faoliyati ilmiy yoʻnalish kasb etib, u turkiy xalqlar tili, folklori va yozma adabiyoti masalalariga bagʻishlangan ilmiy asarlar yozgan. U yangi turk alifbosi Bugunittifoq markaziy qoʻmitasiga (1927—29) va Ozarbayjon Xalq maorif komissarligi huzuridagi terminologiya qoʻmitasiga (1929-yildan) rahbarlik kilgan. Choʻponzoda 1936-yil yozida Ozarbayjonning qishloq joylariga borib, soʻnggi marta dialektologiya va folklorga oid boy materiallar toʻplagan. Choʻponzoda 1926—28 yillarda Oʻzbekistonga bir necha marta kelgan va oʻzbek folklorshunos, tilshunos, adabiyotshunos olimlari bilan yaqin ijodiy aloqada boʻlgan. 1937-yil 28-yanvarda Kislovodovskdagi sanatoriyda davolanayotgan paytida qamoqqa olingan va Bokuga olib kelinib, "xalq dushmani" sifatida otib tashlangan. Choʻponzoda 1957-yil 12-oktabrda SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi tomonidan oqlangan.