Chigʻir

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Chigʻir — 1) yuklarni koʻtarish yoki siljitish uchun moʻljallangan mashina; barabanga oʻraladigan poʻlat arqon (kanat) yordamida amalga oshiriladi. Harakatlantirish turiga koʻra, dastaki yoki mashina (elektr dvigatel, ichki yonuv dvigateli va boshqalar) bilan harakatlanadigan, oʻrnatilishiga koʻra muqim (statsionar) va koʻchma xillarga boʻlinadi. Ch. harakatlantiruvchi kiyem, reduktor, baraban, tormoz va yuk koʻtaradigan egiluvchan element (kanat yoki zanjir) dan iborat. Yuk koʻtaruvchanligi 250 kg dan 20 t gacha, yuk koʻtarish tezligi 0,5–1 m/s. Ch. yuklarni koʻtarish, tushirish, ayrim hollarda gorizontal yoʻnalish boʻyicha tashishda ishlatiladi. Ch.dan koʻtarishtashish mashinasi yoki murakkab kranlarning koʻtarish mexanizmi sifatida foydalanish mumkin; 2) suv sathi sugʻoriladigan yer sathidan pastda boʻlgan joylarda suvni yuqoriga koʻtarib beradigan qad. eng oddiy gidravlik moslama; uy hayvonlari, odam yoki oqar suv kuchi bilan harakatga keltirilgan. Qadimda Misr, Hindiston, Xitoy, Oʻrta Osiyo va boshqa oʻlkalarning sugʻorish tizimlarida qoʻllangan. Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, oqar suv kuchi bilan harakatlantiriladigan Ch. Oʻrta Osiyoda (ayniqsa, Xorazmda) 9— 11-asrlarda keng tarqalgan.