Charchash

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Charchash, toliqish, horish — organizmga haddan tashqari zoʻr kelishi natijasida mehnat qobiliyatining pasayishi bilan kechadigan fiziologik holat. Aqliy Ch. intellektual mehnat mahsuldorligining kamayishi, eʼtiborning buzilishi, fikrlashning susayishi va boshqalar bilan belgilanadi. Jismoniy Ch. muskullar kuchi va bir tekisda harakatlanishi kabi funksiyalarning buzilishi bilan kechadi.

Oʻta va surunkali Ch. farq qilinadi. Oʻta Ch. zoʻr berib jismoniy mehnat qilish natijasida roʻy beradi. Surunkali Ch. turli funksional sistemalar va butun organizmdagi oʻzgarishlarning oylar va yillar davomida toʻliq tiklanmasligi bilan bogʻliq.

CH.ning tezligi mehnatning xususiyati bilan belgilanadi: bir tarzda turib muskullarga zoʻr keladigan ish bajarilganda kishi ancha tez, bir maromdagi ish bajarilganda birmuncha kam toliqadi. Ch.ning yuzaga kelishida odamning bajarilayotgan ishga nisbatan munosabati ham muhim rol oʻynaydi. Koʻpchilik odamlarda emotsional qoʻzgʻalish davrida uzoq vaqtgacha Ch. belgilari paydo boʻlmaydi.

Yetarli dam olmaslik yoki uzok, vaqt haddan tashqari zoʻriqib ishlash Ch.ga yoki mador qurishiga olib keladi. Aqliy va ruhiy toliqish farq qilinadi. Yosh va nerv sistemasi maʼlum bir tuzilishga ega boʻlgan kishilarda jadal aqliy mehnat nevrozlargya olib keladi. Ruhiy toliqish "yurak hissiyotiga" toʻlibtoshgan va turli majburiyatlari boʻlgan shaxslarda kuzatiladi.

Miriqib uxlash va faol dam olish ish qobiliyatini tez tiklaydi.

Ogʻir kasalliklarni boshdan kechirgan kishilarda Ch. tez yuz beradi. Arzimagan va uncha uzoq davom etmaydigan zoʻriqish ham ularda bosh ogʻrigʻi, harsillash, tez yurak urishi, terlash va quvvatsizlikka sabab boʻladi. Bunday kishilar mehnat rejimiga va iloji boricha uzoqroq dam olishga qatʼiy amal qilishlari zarur.

Bolalar organizmining anatomofiziologik xususiyatlariga koʻra hatto unchalik urinmaganida ham (mac, goʻdak uyqudan qolganida, maktabda partada uzoq oʻtirganida) tez charchab qolishi mumkin. Kun tartibining notoʻgʻriligi, bir turdagi mashgʻulot, ortiqcha oʻyinkulgi ham tez Ch.ga olib keladi.

Bolalarda Ch. belgilari koʻpincha xattiharakatning buzilishida koʻrinadi: ular toqatsiz, eʼtiborsiz, dars vaqtida gaplashadigan, yaʼni intizomsiz boʻlib qoladilar. Baʼzi hollarda, ayniqsa, kasalliklarni boshidan kechirgan bolalar boʻshang , sustkash, xorgʻin, kuchsiz boʻlib, fikrlaganda bosh ogʻrigʻi sezadi.

CH. baʼzan boshdan kechirilgan kasallikning oqibati emas, balki uning boshlangʻich belgisi boʻlishi ham mumkin. Bolada boshdan kechirilgan kasallikka yoki aqliy va jismoniy zoʻriqishga bogʻliq boʻlmagan tez charchab qolish hollari yuz berganida, albatta, vrachga murojaat etish lozim.

Ish qobiliyatini uzoq vaqtgacha saqlab qolishning taʼsirli vositalaridan biri — mehnat faoliyatining aniq maromda boʻlishidir. Tez Ch.ni oldini olishda mehnat va dam olishni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, ish kuni davomida qisqa muddatli tanaffuslar tashkil qilish, shuningdek, ish joyini tartibga solish, va oʻzini sal horigan his qilganda, charchogʻini yozadigan mashqlar bajarishga muhim eʼtibor berish zarur.

Bolalarda tez charchab qolishning oldini olish uchun ularning kun tartibi maromining buzilishiga yoʻl qoʻymaslik (toʻyib uxlashiga, ish ogʻirlik qilmasligiga, ish bilan mashgʻulotni toʻgʻri navbatlashtirishga, ularning ochiq havoda uzoqroq boʻlishiga imkoniyat tugʻdirish) kerak.