Kontent qismiga oʻtish

Case Corporation

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

"KEYS KORPOREYSHN" (inglizcha: Case Corporation) - qishloq xoʻjaligi va qurilish texnikasini ishlab chikaruvchi jahondagi eng yirik kompaniyalardan biri. 1842 yil J.Keys tomonidan tashkil qilingan. Markaziy boshqaruv idorasi AQShning Viskonsin shtati Rasin sh.da, Yevropadagi idorasi Parijda. Kompaniya mahsulotlari dunyoning 150 dan ortiq mamlakatlariga sotiladi. "K. k." turli maqsadlarda qoʻllaniladigan don va ozuqa oʻrish, paxta terish, sholi oʻrish kombaynlari, 40 ot kuchidan 440 ot kuchigacha ega boʻlgan traktorlar, zichlab yigʻadigan texnikalarni, purkagichlar, lavlagi qaziydigan komplekslar, tuproqqa ishlov beradigan agregatlar, anʼanaviy va pnevmatik ekish agregatlarini, kultivatorlar, boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqaradi.

"K. k." AQShda 10 ta, Yevropada 3 ta, Braziliyada va Avstraliyada bittadan i.ch. korxonalariga ega. 1997 yildan boshlab korporatsiyaga "Konkord" (AQSH), "Shtayer" (Avstriya), "Fermek va Jem Sprayrz" (Buyuk Britaniya), MDV va "Forshtrit" (Germaniya), "Feksikom" (Kanada) kabi yirik i.ch. korxonalari qoʻshildi. Kompaniya tarkibiga dizel motorlari ishlab chiqaradigan "Kammins" va yem-xashak ekinlari oʻradigan texnikalarni ishlab chiqaruvchi korxonalar ham kiradi. 2000 yilda korporatsiya tarkibida XXRda katta xajmdagi ogʻir yuklarni ortuvchi texnika ishlab chiqaradigan qoʻshma korxona tashkil qilindi. Ukrainada tashkil qilingan traktor ishlab chiqaradigan "DniproKeys" qoʻshma korxonasi hamda 2000 yilda Oʻzbekistonda tashkil qilingan, traktorlar va paxta terish mashinalari ishlab chiqaradigan "Oʻz Keysmash" qoʻshma korxonasi, Belorussiyaning Lida shahrida tashkil qilingan don oʻradigan kombaynlar ishlab chiqaradigan qoʻshma korxona ham "K. k." tarkibiga kiradi.

Kompaniya ehtiyot qismlar bilan taʼminlashning tezkor bajariladigan va samarali tizimiga ega. Yevropada 5 ta markazlashtirilgan ehtiyot qismlar bilan taʼminlaydigan omborxonalari mavjud boʻlib, buyurtmalarning 24 soat davomida bajarilishini taʼminlaydi.

1999 yilda "K. k." kompaniyasi bilan "Nyu Xolland" kompaniyasi qoʻshilib, "Keys-Nyu Xolland" ("CNH") nomida yangi korporatsiya tashkil qilindi. Bu korporatsiya qurilish texnikasi i.ch. hajmi boʻyicha jahonda 3-oʻrinni egallaydi.

"K. k." oʻzining qishloq xoʻjaligi va qurilish texnikasiga servis xizmat koʻrsatadigan tizim yaratgan. Oʻzbekistonda "K. k." traktorlar ishlab chiqaradigan quvvatlarni "Toshkent traktor zavodi" aksiyadorlik jamiyati bilan, paxta teradigan mashinalarni esa "Toshkent qishloq xoʻjaligi mashinalari zavodi" aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda tashkil qilgan[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil