Kontent qismiga oʻtish

Buxoro hammomlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Buxoro hammomlari — dastlab Somoniylar sulolasi davrida Buxoro shahrida bunyod etilgan boʻlib, choʻmilish, poklanish uchun qurilgan maxsus bino. XVI asrda Buxoroda qurilgan Misgaron, Sarrafon va Kunjak kabi hammomlar hozirgacha saqlanib qolingan.


Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buxoro hammomlari quduq suvi bilan taʼminlangan va alohida tazar (kanalizatsiya quvuri) orqali suvlar oqizilgan. Shaharda koʻplab gʻuslxonalar va hamom mavjud boʻlgan. Buxoro hammomlari asosan madrasa, masjid, bozorlar va boshqa tarixiy binolar markazlari oldida qurilgan. Hammomlar koʻp xonali, yer ostida gumbazsimon shaklda bunyod etilgan. Hammomlar pol osti kanallar orqali issiq havo bilan isitilgan. Buxoro hammomlari asosan pol qismi marmar va toshdan boʻlgan. Hammomlarni yoritish va havosini yangilib turish maqsadida gumbazlar choʻqqisi oynaband qilib ishlangan[1]. Oʻrta asrlarda Buxoro hamomlari „garmoba“ deb nomlangan boʻlib, ichki va tashqi meʼmoriy uslubi oʻzgarmasdan birdek saqlanib kelingan. Hammomlarning ichki qismi dam olish va yechinish kabi xonalardan iborat boʻlgan. Undan soʻng tor yoʻlak oraqali oʻtiladigan „poyshoʻyxona“ (oyoq yuviladigan xona) joylashgan. Ushbu xonadan keyin gumbazli „miyonsaroy“ (oʻrtasaroy) deb atalgan zalga oʻtilgan. Bu yerda „xunukxona“ (sovuq suv bilan yuvish xonasi) va „garmxona“ (issiq suv bilan yuvish xonasi) va toat-ibodat amallarini ado etishga moʻljallangan mehrob boʻlgan. Hamomda mijozlarning issiq va sovuq suvda choʻmilishi uchun maxsus joy boʻlib, u „miyonsufa“ deb nomlangan[2]. 1558-yil Buxoroga tashrif buyurgan ingliz sayyohi Antoniy Jenkinson Buxorodagi hammomlar haqida shunday deydi: „Ayniqsa hammomlar shunday koʻrkam qurilganki, bunaqasi dunyoning hech qayerida yoʻq“[3]. XVI—XVII asrlardagi vaqf hujjatlariga koʻra Buxoroda Tirkashdoʻzon, Xiyobon (Xoja Habibulloh), Zargaron, Registon, Gʻoziyon, Shohi minor, Mohichapazi, Joʻybor, Govkushon, Kappa, Sari Bozori Registon, Gʻaribiya, Kovushfurushon kabi hammomlar faoliyat koʻrsatgan[4].

Buxoro hammomlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Toqi Sarrafon hammomi;
  2. Xoʻja Porso Hammomi;
  3. Govkushon hammomi;
  4. Hammomi bozori kord;
  5. Hammomi kavshi olak;
  6. Haqib hammomi;
  7. Qozi Kalon hammomi;
  8. Toʻqim tikuvchilar hammomi;
  9. Hammomi kunjak;
  10. Joʻybor hammomi;
  11. Hammomi Muhammad Payk;
  12. Bibi Hanifa hammomi;
  13. Domla Sher hammomi;
  14. Shishaxona hammomi;
  15. Gʻoziyon hammomi;
  16. Poyi Ostona hammomi;
  17. Chashmayi Ayub hammomi;
  18. Abdulla Xoʻja hammomi;
  19. Hammomi obi otash[5].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Muhammadjonov A va boshqalar. Buxoro Sharq durdonasi. Toshkent: Sharq, 1997 — 213 bet. 
  2. Halimov T. Buxoroning qadimgi hammomlari. Buxoro tarixi masalalari (Eng qadimgi zamonlardan hozirgacha) mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konfirensiya materiallari, Buxoro, 2021 — 404 bet. 
  3. Antoniy Jenkinson. Rossiyadagi Moskvadan Baqtriyadagi Buxoro shahrigacha 1558-yilgi sayohat. Rus tilidan tarjima, kirish, izohlar va ko’rsatkichlar B.Aminov va A.Zamonov tomonidan amalga oshirilga. Toshkent: Bayoz, 2017 — 72 bet. 
  4. Jo’rayeva G. Buxoroda qadimgi hamom va sug’orish inshootlari (yozma manbalar ma’lumotlari asosida. Sharqshunoslik. — 1994.
  5. Rajabov Q, Inoyatov S. Buxoro tarixi. Toshkent: Tafakkur, 2015 — 460 bet.