Kontent qismiga oʻtish

Bronxoskopiya

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Bronxoskopiya (bronx va yun. Skopeo — koʻraman, tekshiraman) — hiqildoq (traxeya) va bronxlarning ichki yuzasini maxsus asbob — bronxoskop yordamida bevosita koʻrib tekshirish usuli. Bu asbob bir uchida optik va yoritgich sistemasi boʻlgan metall naychadan iborat. Bronxoskopiya qilinganda naycha ogʻizdan tomoqorqali (yuqori bronxoskopiya) yoki hiqildoqni kesib bronxlarga kirgiziladi (quyi bronxoskopiya ) Hozir Yaponiyaning "Olympus" hamda Germaniyaning "Fujinon" (Fujinon), "KarlShtors" (KarlZtorz) firmalarida ishlab chiqarilgan bronxoskoplar mavjud. Ular obʼyektni suratga olish, unga dori moddalari yuborish hamda bronx yoʻlidan yot jismlarni, shuningdek undagi oʻsmalarni olish, kuydirish moslamalariga ega. Ularning eng zamonaviysi elektron videoendoskop va skanner bilan birga endoskopiya qiladigan apparatdir; bu apparatlar bilan bronxoskopiya qilinganda teleekranda rangli tasvir hosil boʻlib, atrofdagi toʻqimalarni ultratovush tekshiruv maʼlumotlari ham ekranda koʻrinadi. Bronxoskopiya kasallikni aniqpash hamda davolash maqsadida qoʻllanadi. Bronxoskopiya qilishdan oldin bemorning umumiy ahvoli, kasallik holati obdan tekshiriladi. Shu bois davo bronxoskopiyasi bir necha bosqichda olib boriladi. Bronxoskopiya zaruriyati tugʻilganda vrach ruxsati bilan qilinadi.

Bronxoskopiya — bu o‘pka va nafas yo‘llarini maxsus apparat (bronxoskop) yordamida ichkaridan ko‘zdan kechirish amaliyotidir. Oddiyroq aytganda, bu o‘pkaning "ichki qismini videokamerada tomosha qilish" dek gap.

Quyida eng ko'p qiziqtiradogan savollar:

1. Bronxoskop o‘zi nima?

Bu ingichka, egiluvchan va uchida mitti kamerasi hamda chirog‘i bor naycha. Shifokor uni burun yoki og‘iz orqali kiritib, hiqildoq, traxeya va bronxlarni monitor orqali ko‘radi.

2. Nima uchun o‘tkaziladi? Shifokor qachon tavsiya qiladi?[1]

Odatda rentgen yoki tomografiya (mrt, mskt) suratlarida nimadir shubhali ko‘rinsa, uni yaqindan ko‘rish uchun shu usul qo‘llaniladi. Asosiy sabablar:[1]

-- Sababsiz yo‘tal yoki qon tupurish: Uzoq vaqt o‘tib ketmayotgan yo‘talning asl sababini topish.[1]

-- Infeksiya va yallig‘lanish: O‘pkada qanday bakteriya yoki yallig‘lanish borligini aniqlash uchun shilimshiq moddadan namuna olish.[2]

-- O‘smalarni tekshirish: Agar o‘pka yoki nafas yo‘llarida xavfli yoki xavfsiz o‘sma borligiga shubha bo‘lsa, uskunaning uchidagi maxsus qisqich yordamida kichkina go‘sht bo‘lagi (biopsiya) kesib olinadi va laboratoriyaga tekshirishga yuboriladi.[1]

-- Tozalash va yordam: Nafas yo‘liga tiqilib qolgan narsalarni (masalan, yosh bolalarda ovqat bo‘lagi yoki pista po‘chog‘i tushib ketsa) olib tashlash yoxud quyuq balg‘amni so‘rib olib o‘pkani tozalash.[1]

3. Jarayon qanday kechadi?

Eng ko‘p beriladigan savol: Bu og‘riqlimi?

-- Ko‘pchilik bu jarayondan qattiq qo‘rqadi, lekin bronxoskopiya og‘riqli emas, shunchaki noqulay jarayon.Nafas olishingizga umuman xalaqit bermaydi (naycha nafas yo‘lidan ancha ingichka). Siz pichoq kesgan yoki shunga o‘xshash og‘riqni sezmaysiz. Faqatgina tomoqda qitiqlanish yoki yo‘tal tutishi kabi noqulayliklar bo‘lishi mumkin.[1]

Tayyorgarlik: Muolajadan kamida 6-8 soat oldin hech narsa yemaslik va ichmaslik talab qilinadi. Shifokor tomog‘ingizga maxsus dori (sprey) sepadi. Bu tomoqni uvishtirib, naycha kirayotganda ko‘ngil aynishi yoki yo‘tal refleksini kamaytiradi. Ba'zida qon tomir orqali tinchlantiruvchi dori (yengil uyqu chaqiruvchi) ham berilishi mumkin. Tekshiruvda bemor chalqancha yotadi yoki o‘tiradi. Shifokor sekinlik bilan kamerani kiritadi va ekranda o‘pka yo‘llarni ko‘zdan kechiradi. Kerak bo‘lsa namuna oladi. Jarayonning o‘zi taxminan 15–30 daqiqa vaqt oladi.[1]

4. Tekshiruvdan keyin nima bo‘ladi?

Tomog‘ingizdagi uvishish tarqalib ketishi uchun taxminan 1-2 soat ketadi. Shu vaqt ichida ovqat yeyish va suv ichish qat'iyan man etiladi (chunki tomoq sezmagani uchun suv yoki ovqat nafas yo‘liga ketib qolishi mumkin). Keyingi 1-2 kun davomida tomoq biroz qirilishi, ovozingiz bo‘g‘ilishi yoki tupurganda arzimagan qon aralash balg‘am kelishi mumkin. Bu normal holat. O‘sha kuni mashina haydash tavsiya etilmaydi, chunki tinchlantiruvchi dorilar ta’siri biroz vaqt saqlanib qoladi.[1]

Xulosa: Bronxoskopiya bugungi kunda o‘pka kasalliklariga (ayniqsa sil yoki o‘sma kasalliklariga) 100% aniq tashxis qo‘yish imkonini beruvchi eng zamonaviy va xavfsiz usullardan biridir.[1]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • "Harrison's Principles of Internal Medicine". Jamoliddin Abdug'aniyev tahrirladi.

Ushbu maqolada ma'lumotlar "Harrison's Principles of Internal Medicine" kitobidan foydalanilgan.[2]


  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 1,7 1,8 „Internal Medicine“. JAMA. 286-jild, № 8. 2001-08-22. 971-bet. doi:10.1001/jama.286.8.971-jbk0822-2-1. ISSN 0098-7484.
  2. 2,0 2,1 „Internal Medicine“. JAMA. 286-jild, № 8. 2001-08-22. 971-bet. doi:10.1001/jama.286.8.971-jbk0822-2-1. ISSN 0098-7484.