Bronislav Malinovskiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bronislav Malinovskiy (1884-1942-yillar) etnologiyadagi mashhur klassik olimlardan biri.

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

U Krakova shahrida tug‘ilgan va tahsil olgan. Yangi Gvineya va Malaneziyada dala etnografik tadqiqotlarini olib borgan.1927-1938 yillar mobaynida London iqtisodiyot maktabida ishlagan, 1938 yil AQShga immigrant bo‘lib ketgan va umrining oxiri (1942 yil) gacha Yel' universitetida ishlagan. Malinovskiy madaniyatga oid emprik nazariyasini yaratgan.

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tadqiqotchi olim o‘zining nazariyasini yaratish jarayonida oldingi tadqiqotchilarni dala-etnografik ekspedisiyalar o‘tkazmaganlikda va faqatgina muzey materiallarini o‘rganish bilan chegaralanib qolganlikda tanqid qilgan. Shubhasiz u olib borgan dala-tadqiqotlari jarayonida juda ham qiziqarli ilmiy xulosalarga kelgan. Malinovskiyning kuzatishicha, etnologiya ko‘pincha qandaydir psixologik gipoteza, yoki faqatgina biror buyum-yoki predmetni tavsif qilish bilangina cheklanib qolmasligi lozim. Uning fikricha, tashqi kuzatuv ko‘pincha anglashilmovchilikka olib kelishi mumkin. Shu bois ichki xususiyatlarni chuqur anglamasdan turib madaniyatni yaxlit tarzda tushunib bo‘lmaydi. Bu o‘rinda maʼlum bir buyumni nafaqat tavsiflash, balki u qanday yaratilgan, qay tarzda va qanday vaziyatda ishlatish mumkin, ushbu ashyo kimga tegishli va kim tomonidan ishlatilishini ham tadqiqotchi anglay bilishi lozim. Mashhur ingliz tadqiqotchisi etnologiya fanining tavsifiy, faktologik xususiyatiga qarshi bo‘lib, bu faqatgina madaniyatning ayrim xususiyatlarinigina aks ettiradi, degan xulosoga kelgan. Malinovskiy madaniyat nazariyasiga oid o‘z qarashlarini 1944 yilda ingliz tilida nashr etilgan „Madaniyatning ilmiy nazariyasi“ nomli kitobida bayon qilgan. Uning fikricha, madaniyat faqatgina insonlarga xos biologik xususiyat bo‘lsa-da, insonlar ham tirik jonzotlar hisoblanadi. Shu bois u o‘zining biologik ehtiyojini qondirish maqsadida oziq-ovqat, yonilg‘i kabi kundalik ehtiyoj buyumlarini qidirib topadi, uy-joylar quradi va kiyim-kechaklarni tikib kiyadi. Demak, u mazkur amallari orqali o‘z atrofida ishlab chiqarish munosabatlarini shakllantiradi va bu fanda madaniyat deb yuritiladi. Turli madaniyatlar orasidagi o‘zaro farq insonlarning turfa xildagi oddiy ehtiyojlarini qondirish usullari bilan izohlash mumkin. Shu bois ham madaniyat moddiy va maʼnaviy madaniyatga bo‘linadi. O‘z navbatida B.Malinovskiy antropologiya va etnologiyaning muhim vazifalarini, jumladan, dunyo madaniyatlarini tadqiq qilishni asos qilib olgan dastlabki etnologik maktab vakillari qarashlari borasida ham o‘zining munosabatini bildirib o‘tgan. Ayniqsa, u mashhur olim E.Taylorning „qoldiqlar metodi“ni jiddiy tanqid ostiga olgan. Uning fikricha, ushbu uslub asosida tadqiqotlar olib borgan ko‘pgina olimlar har bir narsa yoki ko‘rinishdan qoldiqiy xususiyatlarni izlaganlar. Aslida esa har doim ham qoldiqiy ko‘rinishlar emas, balki madaniyat ko‘rinishlari bo‘lib, undagi eski ko‘rinishlar o‘rnini yangilari egallagan. Malinovskiyning fikricha, qoldiqiy ko‘rinishlar etnologiya faniga jiddiy zarar yetkazgan va u madaniyat ko‘rinishlarining o‘zaro funksional bog‘liqligi munosabatlariga ziddir. Mashhur olimning tasdiqlashicha, madaniyatda hech qanday ortiqcha, tasodifiy yoki qoldiqiy ko‘rinish bo‘lmaydi. Madaniyatdagi barcha ko‘rinish yoki holat maʼlum bir funksiyani bajaradi. Agar bunday bo‘lmaganda edi bunday ko‘rinishlar allaqachonlar isteʼmoldan chiqib ketgan bo‘lar edi. Jumladan, qandaydir bir urf-odat qandaydir bir jarayonda qo‘llanilar ekan, demak u nimagadir zarurdir. Qolaversa B. Malinovskiy diffuzionistlarni ham tanqid ostiga oladi va uning fikricha, diffuzionistlarning katta xatolaridan biri mazkur oqim tarafdorlari madaniyatni tirik bir organizm tarzida emas, balki jonsiz buyumlar majmuidan iborat deb hisoblaganliklaridir[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ashirov Adhamjon Azimboevich Atajanov Sherzod. Etnologiya.:Toshkent-2006