Brekchiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Brekchiya (ital. breccia — parcha, boʻlak) — qirrali boʻlaklardan iborat sementlashgan togʻ jinsi. Boʻlaklari bir sm dan katta. Kelib chiqishiga koʻra, vulkanogen, choʻkindi va tektonik B.lar boʻladi. Tarkibiga koʻra, bir xil togʻ jinslari boʻlaklaridan (monomikt) va turli togʻ jinsi boʻlaklaridan (polimikt) tashkil topgan turlari mavjud. Vulkanogen B. yopishqoq lava boʻlaklarini suyuq lava bilan sementlanishidan (lava B.si), vulkan tuflari va boshqa vulkanogen jins boʻlaklaridan (tuf brekchiyasi), vulkan viloyatlaridagi loy okimini diagenezga uchrashidan (laharlar) hosil boʻladi. Choʻkindi B. kontinental sharoitlarda yon bagʻir delyuviylari, sel oqimi yotqiziqlari yoki karstlar shipining qulab tushishidan hosil boʻlgan mahsulotlarni sementlanishidan tarkib topali. Suyakli B. ham uchraydi. Ular umurtqali hayvonlarning koʻplab qirilishi va koʻmilib ketishidan paydo boʻladi. Dengiz sharoitida B. qirgʻoqlarning oʻpirilishidan yoki riflarning yemirilishidan vujudga keladi. Tektonik B. (ishqalanish B.) tektonik harakatlardan yer yoriklari boʻylab togʻ jinslarining maydalanib sementlanishidan hosil boʻladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil