Brakonerlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Brakonerlik (frans. braconnier — it bilan ov qiluvchi) — ov, baliqchilik qoidalarini va hayvonot olamini muhofaza qilish haqidagi qonunchilikning boshqa talablarini buzgan holda yovvoyi hayvonlarni ovlash va qirish. O‘zbekistonda O‘zR JK 202-moddasiga binoan, ovchilik, baliqchilik yoki hayvonot dunyosining boshqa turlarini ushlash qoidalarini buzish, noyob hayvonlarni tutishning belgilangan tartibi yoki shartlarini, shuningdek maxsus qo‘riqlanadigan tabiiy hududlardagi hayvonot olamidan foydalanish tartibini buzish ancha miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 y.gacha axloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha qamoq bilan jazolanadi. O‘sha qilmishlar hayvonlar, parrandalar, baliq, hayvonot dunyosining Qizil kitobga kiritilgan boshqa turlarini nobud qilish bilan; ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda; bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 y.dan 3 y.gacha axloq tuzatish ishlari yoxud molmulk musodara qilinib yoki musodara qilinmay 3 y.gacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. O‘sha qilmishlar, xavfli residivist tomonidan; shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalanib; yer, suv yoki havoda ishlatiladigan mexanizatsiyalashtirilgan vositalardan foydalanib; portlash qurilmalari, zaharli kimyoviy moddalar yoki boshqa yalpi qirib yuboradigan yoki nobud qiladigan usullarni qo‘llagan holda; uyushgan guruh tomonidan; juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining 75 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki molmulk musodara qilinib yoki musodara qilinmay 3 y.dan 5 y.gacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil