Kontent qismiga oʻtish

Boltiq tillari

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Boltiq tillari — boltiq qabilalari (baltlar) tillari. Hindevropa tillari oilasiga mansub tillar guruhi. Bu guruhga hozirgi latish (Latviyaning asosiy aholisi) tili, litvaliklar (Litvaning asosiy aholisi) tili hamda oʻlik tillar kiradi. Boltiq tillari 2 ta katta guruhga ajraladi: 1) gʻarbiy Boltiq tillari — pruss va yatvyag (XVII—XVIII asrlarda toʻliq isteʼmoldan chiqqan, oʻlik) tillari; 2) sharqiy Boltiq tillari — litvaliklar, latish (kursh, selov va boshqa oʻlik) tillari. Bular orasida baʼzi yozuvsizlari ham boʻlgan. Boltiq tillari ilk bor nemis olimlari — A. Shleyxer, Yu. Nesselman va boshqa tomonidan tadqiq qilingan. Keyinchalik latish — Ya. Endzelin, litvalik F. Kurshat, nemis — F. Shpext, E. Frenkellar bu borada ilmiy tadqiqotlar olib borgan. Boltiq tillarini oʻrganish ishiga xalq ogʻzaki ijodi namunalari toʻplovchilar (latish K. Baron va boshqalar), adabiyotshunoslar (litvalik I. Yablonskiy va boshqalar) sezilarli hissa qoʻshdi. Boltiq tillariga oid dialektologik materiallar XIX asr oxirida A. Bilenshteyn, K. Yavnis va boshqalar tomonidan toʻplangan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil