Bolalar poliklinikasi
Bolalar poliklinikasi – 14 yoshgacha boʻlgan bolalarga tibbiy yordam koʻrsatadigan davolashprofilaktika muassasasi. Bolalar poliklinikasi bolalar kasalxonasi tarkibiga kirishi yoki mustaqil holda faoliyat koʻrsatishi hamda koʻp tarmoqli boʻlishi mumkin. Qishloq joylarda markaziy tuman kasalxonalari qoshidagi poliklinikalarda bolalar maslahatxonasi boʻladi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda (Toshkent shahrida) kattalar va bolalar poliklinikalari hamda ayollar maslahatxonasida „oilaviy vrach“ omillari asosida tibbiy yordam koʻrsatadigan oilaviy poliklinikalar tashkil qilingan. Bu joylarda Bolalar poliklinikasi vazifasini oilaviy poliklinikalar bajaradi. Shu bilan birga bolalar konsultativdiagnostika poliklinikalari (markazlari) ham ochilgan. Bolalar poliklinikasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatadigan xonalar (jarroh, logoped, revmatolog, tish, koʻz, buruntomoq va quloq kasalliklari, badantarbiya va uqalash xonalari), uyda yordam koʻrsatish va sogʻlom bolalar boʻlimi, sut oshxonasi mavjud. Bolalar poliklinikasida tez-tez qoʻzib turadigan kasalliklardan aziyat chekadigan bemorlar dispanser kuzatuvida boʻladi (qarang Dispanserizatsiya). Bolalar poliklinikasida bir necha vrach boʻlsa, ularning har biri maʼlum uchastkalarga biriktirib qoʻyiladi. Uchastka hududida yashaydigan har bir vrachga 1-2 hamshira yordam beradi. Bolalar poliklinikasi sogʻlom bolalarning asabiy, ruhiy, jismoniy rivojlanishini muntazam kuzatib borish, maslahatlar berish, bolalar va ularning ota-onalarini sanitariya va gigiyena jihatidan tarbiyalash ishlarini amalga oshiradi. Shuningdek, bolaning jismoniy rivojlanishiga alohida ahamiyat beriladi; gavda vazni oʻlchamlari (antropometriya) qayd qilib boriladi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |