Boburnoma rasmlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Boburnoma rasmlari — Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma" asariga ishlangan miniatyuralar. Boburiylar hukmronligi (ayniqsa Akbar) davrida Hindistonda shakllangan, Gʻarbda "moʻgʻullar miniatyurasi" nomi bilan maʼlum boʻlgan tasviriy sanʼat yuzaga kelgan. Hirot, Buxoro, Samarqand, Sheroz, Tabriz miniatyura sanʼatining eng yaxshi anʼanalarini ijodiy oʻzlashtirib, qad. hind tasviriy sanʼatini dunyoviy mazmun bilan boyitgan Dasvant, Basovan, Us tod Mansur, Mukund, Ramdas, Kesu Gujarotiy, Farruxbek Qalmoq, Ibrohim Naqqosh va boshqa musavvirlar oʻsha davrda yaratilgan va koʻchirilgan bir qator qoʻlyozmalarni — "Boburnoma", "Akbarnoma", "Zafarnoma", "Jome attavorix" ("Tarixlar majmuasi") va boshqalarni nafis va jozibador rasmlar bilan bezaganlar. Bizgacha "Boburnoma"ning shu tarzda bezatilgan nusxalari (8 nusxa toʻliq holda) yetib kelgan: Britaniya muzeyida (Angliya) va Oksforddagi Bodli kutubxonasida, Dexlidagi Milliy muzey va Rojasthon shtatidagi Alvar kutubxonasida (Hindiston), Parij milliy kutubxonasida; shuningdek Moskvadagi Sharq xalklari sanʼati muzeyida (57 varakda 69 rasm), Dublindagi Chester Bitti kutubxonasida (Irlandiya), Parijdagi Luvr muzeyida, AQShning Frir galereyasida, Fogg sanʼat muzeyida, Kanadaning Ottava shahridagi Milliy galereyada va shaxsiy yigʻimlarda saqlanmoqsa. Rasmlarning asosiy mazmuni tarixiy voqealar, maishiy manzaralar, jang lavhalari, ov va sport oʻyinlari, hayvonot va oʻsimlik dunyosi, turli siyosiy voqealar, uchrashuv va boshqalarni tasvirlashdan iborat. Asar mazmuni bilan cheklangan rassomlar barcha tarixiy, geografik, etn. omillardan foydalangan holda bir butun tugallangan ijodiy mujassamotlar yaratganlar. Rasmlarda sharq sanʼatidagi shartlilik zaruriyatidan, koʻp rejali mujassamotlardan mohirona foydalanilgan. Rasm va boʻyoqlar muvozanatini nozik sezish, ranglarni tanlay bilish, tasvirlanayotgan davr ruhini, goʻzallikni aniqhissiy shakllarda gavdalantirish, imoishora, harakatni jonli bera bilish, boʻyokdardagi ichki monandlik kabi hind rassomligiga xos xususiyatlar va boshqa jihatidan bu rasmlar gʻoyat katta badiiy qimmatga ega.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. "Boburnoma rasmlari" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Miniatyuri rukopisi "Baburname": (Albom), M., 1960; "Boburnoma" rasmlari: (Albom), T., 1970; Madraimov A., Rasmlarda Bobur hayoti, T., 1983.