Boʻrdoqiga boqish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Boʻrdoqiga boqish — qishloq xoʻjaligi hayvonlarini goʻshti uchun boqib semirtirish, qisqa muddatlarda sifatli va eng koʻp miqdorda goʻsht olishni taʼminlaydigan texnologik jarayon; qoramol, choʻchqa, qoʻy, parrandalar, quyon va boshqa boʻrdoqiga boqiladi. Boʻrdoqiga boqish ning iqtisodiy koʻrsatkichlari hayvon turi, zoti, jinsi, yoshi, sogʻligʻi holati, boqim darajasi va ozuqa mukammalligiga bogʻliq. Qoramolchilikda Boʻrdoqiga boqish usuli goʻsht mahsulotiga qoʻyiladigan talabga koʻra tanlanadi. Barcha mamlakatlarda 6—8 oylik buzoqlarni 15—18 oy boʻrdoqiga boqish vazni 400–480 kg ga yetkazib yuqori sifatli mol goʻshti olishda keng qoʻllaniladigan va samarasi yuqori texnologiya hisoblanadi. Mollarga xoʻjaliklarning oʻzida tayyorlangan ozuqalar — silos, senaj, oʻt, iddizmevalarni dagʻal va aralash ozuqalarga qoʻshib beriladi. Agar Boʻrdoqiga boqish da mol faqat silos bilan boqiladigan boʻlsa, sutkasiga 250–400 kg vaznga 16–25 kg, katta mollarga 30–35 kg gacha silos beriladi. Toʻyimliligiga koʻra ratsionda silos hissasi 60—65% ni tashkil etishi mumkin. Proteinga boʻlgan ehtiyojni qondirish va ratsionning mukammalligini taʼminlash uchun ozuqaga mochevina va premikslar (biologik faol moddalar aralashmasi) qoʻshiladi. Agar mol barda negizida boqiladigan boʻlsa, katta yoshdagi mollarga sutkasiga 80—90 l gacha yangi barda yediriladi. Barda ratsion tarkibiga somon, pichan, aralashmalar, vitaminlar (A, D), tuz, boʻr yoki fakultetorsizlangan fosfatlar qoʻshiladi. Paxtachilik rivojlangan mintaqalarda Boʻrdoqiga boqish da paxta shulxasi sutkasiga (4–7 kg), shrot (2–3 kg)dan foydalaniladi, makkajoʻxori silosi, beda senaji, pichan, don, yem beriladi. Boʻrdoqiga boqish da sutkalik oʻrtacha tirik vazn oʻsishi 800—1200 g ga boradi. 1 kg vazn oʻsishini taʼminlash uchun 8—11 ozuqa birligi sarflanadi. Tabiiy va madaniy yaylovlar yetarli boʻlgan mintaqalarda B. b.da yaylovlardan foydalanish mumkin. Qoʻychilikda goʻshtjun yoʻnalishdagi zotlarni Boʻrdoqiga boqish yaxshi samara beradi. Boʻrdoqiga boqish uchun ajratilgan 3— 3,5 oylik qoʻzilar 7—9 oyligiga qadar boqilib, ularning vazni 45–50 kg ga yetkaziladi, goʻsht chiqishi 44—46% ni tashkil etadi. Parrandachilikda broyler yetishtirish asosiy oʻrinda turadi. 2—6 oylik joʻjalar 15—25 sutka boqiladi. 1 kg vazn oʻsishi uchun 6—9 ozuqa birligi sarflanadi. Asosiy ozuqa: mukammal aralash yem yoki aralash yem va turli aralashmalar. Choʻchqachilikda 15–16 kg vazndagi 2,5 oylik choʻchqa bolalari 7—7,5 oy boqiladi (tirik vazni 100–110 kg ga yetadi). 1 kg vazn oʻsish uchun 4,5—5 ozuqa birligi sarflanadi. Boʻrdoqiga boqish ni keng miqyosda tashkil etish mamlakatda goʻsht yetishtirishni koʻpaytirish imkoniyatini yaratadi. Oʻzbekistonda Boʻrdoqiga boqish ixtisoslashtirilgan xoʻjaliklarda ilgʻor texnologiyani qoʻllagan holda sanoat usulida olib boriladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Musayev, Muboshir. "Boʻrdoqiga boqish" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil





Mana yana ôwa kayf