Kontent qismiga oʻtish

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) reproduktiv salomatlikni targʻib qilish, gender tengligi va ayollar huquqlarini kengaytirish, gender asosidagi zoʻravonlikning oldini olish, shuningdek, Oʻzbekistondagi demografik jarayonlardan xabardorlikni oshirish kabi sohalarda faoliyat olib boradi[1].

1969-yilda BMT Taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan boshqariladigan Aholishunoslik faoliyati sohasidagi jamgʻarma tashkil etilgan. Jamgʻarma 1971-yildan buyon BMT Bosh Assambleyasi tomonidan boshqarilib kelinmoqda. 1987-yilda bu jamgʻarma hozirgi – BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) nomini oldi[2].

BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining asosiy maqsadi har bir inson – erkak, ayol, bolaning sogʻlom hayot kechirish va teng imkoniyatlarga ega boʻlish huquqlarini himoya qilish kabilar hisoblanadi. BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) jahon mamlakatlariga kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha siyosatni oʻtkazish va dasturlarni amalga oshirish, yoshlar, xotin-qizlarni himoya qilish va boshqa yoʻnalishlarda aholiga doir maʼlumotlardan foydalanishda yaqindan yordam koʻrsatadi.

Jamgʻarma aholi turmushini yaxshilash, barqaror rivojlanishni taʼminlash bilan bogʻliq maqsadlarga erishishda xalqaro hamjamiyatga yaqindan koʻmaklashib kelmoqda. Aholi tarkibining oʻzgarishi, sonining oshishi yoki kamayishi, tugʻilish va oʻlim miqdori, odamlarning koʻchishi kabi hodisalar inson hayoti, mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatadi. Bundan tashqari, UNFPA tomoni aniqlanadigan ayollar sogʻligʻi, reproduktiv salomatligi, huquqlarining himoyalanishi kabi koʻrsatkichlar ham aholi holatiga taʼsir etadi.

UNFPA Oʻzbekistondagi vakolatxonasini 1993-yilda ochgan. Jamgʻarma mamlakatimizda 2016–2020 yillarga moʻljallangan dasturini amalga oshirgan. Ushbu dasturda reproduktiv salomatlik, inson huquqlarini himoyalash, aholishunoslikka doir maʼlumotlardan rivojlanish sohasidagi loyihalarda foydalanish borasida tegishli davlat idoralarining salohiyatini oshirish kabi masalalar koʻrib chiqilgan.

Har yili 11 iyul – Jahon aholishunoslik kuni „1 milliard oʻsmir“, „Tenglik kuch bagʻishlaydi“, „Siz oilani rejalashtirib, kelajakni rejalaysiz“, „Har bir shaxs muhim“, „Reproduktiv salomatlik xizmatlaridan hamma teng foydalana olsin“, „Yoshlarga investitsiya kiritib“, „Favqulodda vaziyatda nochor aholi“, „Oilani shakllantirish inson huquqi“ kabi bir qator shiorlar ostida nishonlanadi[3]. 2020-yilda bu sana koronavirus pandemiyasi sharoitida ayollarning reproduktiv salomatligi va kurrai zaminimizda gender tenglikni taʼminlashga bagʻishlandi[4]. Oʻzbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentda ayollar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputatning 48 nafari yoki 32 foizini xotin-qizlarni tashkil etgan edi[5].

  1. https://uzbekistan.unfpa.org/en
  2. https://uzbekistan.un.org/uz/about/un-entities-in-country
  3. http://insonhuquqlari.uz/oz/news/11-iyul-butunjahon-aholishunoslik-kuni
  4. https://uzbekistan.un.org/uz/86400-butunjahon-aholishunoslik-kuni-2020-yil-unfpaning-ozbekistondagi-vakili-yu-yu-janoblarining
  5. http://nhrc.uz/oz/news/barqaror-rivojlanishning-dolzarb-vazifalari