Biotelemetriya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Biotelemetriya, biologik telemetriya (bio..., tele... va ...metriya) — biologik hodisalarni tadqiq etish va biologik koʻrsatkichlarni (mas, kosmonavtlar, sportchilarning tomir urishi, qon bosimi, haroratini) masofadan turib oʻlchash va tekshirish usullari majmui. B. tekshirishlarni olis masofadan turib ham (mas, kosmik uchishlarda) yoki oʻrganiladigan obʼyektning harakati paytida (mas, sport musobaqalari yoki mehnat faoliyati paytida) oʻtkazish imkonini beradi. B.da oʻrganilayotgan obʼyektga (odam va hayvonga) maxsus datchiklar oʻrnatiladi; ulardan chiqayotgan signallar aloqa kanallari orqali qabul punktiga uzatiladi va u yerda qayd etiladi.

Tadqiq etilayotgan jarayon elektrik jarayon boʻlmasa (mas, yurakning urishi), u elektr signallariga aylantiriladi. Kosmik kemada uchayotgan odam va hayvon organizmining holatini kuzatish kosmik B. deyiladi. B.da oʻta mitti radiouzatgichlar yordamida ichki organlarda boʻlayotgan jarayonlarni oʻrganish va ularni davolash mumkin. Buning uchun maxsus datchiklar (radiokapsulalar, elektrodlar) ichki aʼzolar yoki toʻqimalarga kiritiladi. B. vositasida hayvonlarning xulqatvorini har xil sharoitda, mas, kushlar uchayotganida ham oʻrganish mumkin. B. kosmik biologiya va kosmik tibbiyot, mehnat va sport fiziologiyasida muhim ahamiyatga ega.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil