Beshtomir shirach

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Beshtomir shirach
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Gulli oʻsimliklar
Sinf: Bir urugʻpallalilar
Turkum: Shirach
Oila: Shirachdoshlar
Binar nomi
Eremurus iae

Beshtomir shirach (lotincha: Eremurus iae) — shirachdoshlar oilasi, shirach turkumiga mansub ko‘p yillik gulli o‘simlik. Birinchi marta Aleksey Ivanovich Vvedenskiy tomonidan tasvirlangan. O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Surxondaryo viloyati, Hisor tizmasi, To‘polondaryo havzalarida va Boysun tog‘ining shimoliy yonbag‘irlarida tarqalgan[1].

Tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Balandligi 60-80 sm ga yetadigan koʻp yillik oʻt oʻsimlik. Ildizpoyasi qisqa nursimon joylashgan, ildizlari koʻp, yogʻonlashgan. Bargi koʻkimtir, oddiy, bandsiz, keng qalami nashtarsimon, kengligi 15-20 mm. Gullari pushti yoki och binafsha rangda, shingil to‘pgulda yigʻilgan. Shingili silindrsimon, uzunligi 20-30 sm gullar siyrak joylashgan. Guloldi bargchalari ingichka uchburchak shaklda. To‘pgulining pastki qismida joylashgan gullarning gulbandlari gulqoʻrgʻonidan ikki marta uzun. Gulkosachabarglari 3-5 tomirli. Changchilar gultojibarglaridan uzunroq. May-iyun oylarida gullab, mevasi iyul oyida yetiladi. Mevasi — yumaloq, quruq, koʻsak meva, uzunligi 1 sm. Urug‘i va ildizpoyasi orqali koʻpayadi.

Tarqalishi va o‘sish sharoiti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tabiatda kam uchrovchi, endemik tur, odatda yakka holatda ba'zida kichikroq to‘p hosil qilib o‘sadi. Surxondaryo viloyati, Hisor tizmasining Cho‘lbayir tog‘larida, To‘polondaryo havzasida, Boysun tog‘larining shimoliy yonbag‘irlarida tarqalgan. Tog‘larning o‘rta qismidagi shag‘alli, toshli unumdor tuproqlarda o‘sadi. Yem xashak sifatida yig'ilishi va chorva mollarining ko‘plab boqilishi natijasida tur areali qisqarib ketgan. 1962—yildan buyon O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Botanika bog‘ida ekib o‘stirilmoqda[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Ширач Ии - Eremurus iae- Описание таксона - Плантариум“. 2015-yil 12-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 28-aprel.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.