Bektoshiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bektoshiya — Turkiya va Albaniyada tarqalgan sufiylik tariqati. Kichik Osiyoda 13-asr oxiri — 14-asr boshida mahalliy turk koʻchmanchi va oʻtroq aholisi orasida paydo boʻlgan. Tariqatning nomi yarim afsonaviy Hoji Bektosh Rumiydan boshlanadi.

B. tariqatining haqiqiy asoschisi daydi vaʼzxon va qalandar Hoji Bektosh Vali Nishopuri Xurosoniy (1208 — 1270) hisoblanadi. Uning silsilasi esa turkistonlik shayx Ahmad Yassaviyga, undan esa shia imomi Muso al-Kozimga taqaladi. B. aʼzolari shialardek hazrati Ali va 12 imomga sigʻinadilar, ayniqsa 6-imom Jaʼfar as-Sodiqqa eʼtiqod qiladilar. Hoji Bektosh Kichik Osiyoda tez shuhrat qozongan. Bu tariqat koʻproq qishloq aholisi orasida qoʻllab-quvvatlandi. Vaqti kelib B. keng tarmoq yoygan tashkilotga aylandi, oʻzining belgisi va maxsus kiyimiga ega boʻldi. B. tariqatining qatiy uyushgan jamoaga aylanishida "Ulugʻ pir" Balim Sultonning (1516-yil v. e.) taʼsiri kattadir. Ilmiy adabiyotda uni "Ikkinchi pir" (Piri soniy) deb atashadi. Balim Sulton oʻzini Hoji Bektosh Rumiyning avlodi deb eʼlon qilgan va tariqat tuzilishiga aloqador bir qator islohotlarni amalga oshirgan. B. ayni Balim Sulton zamonida keng tarqaldi. Yanicharlar (Turkiyadagi imtiyozli piyoda askarlar) orasida yoyilib, ular orqali davlat ishlariga oʻz taʼsirini kuchaytirdi. 1826-yilda Sulton Mahmud II yanicharlar korpusini tugatgach, B. faoliyati taqiqlanadi. Uning yirik rahnamolari qatl etildi. B. tarafdorlari esa Bolqonga va Albaniyaga tarqalib ketdi. Lekin hozir ham B.tarafdorlarini Turkiya va Iroqda uchratish mumkin. B. turk xalqining diniy dunyoqarashi shakllanishiga jiddiy taʼsir qilibgina qolmay, uning madaniyati, musiqasi va ayniqsa adabiyotining ham rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan.

Mahmudxoʻja Nuritdinov.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil