Kontent qismiga oʻtish

Barsiso

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Barsiso – shaytonga ishonib, gumroh boʻlgan obidning nomi.

Barsiso qissasi “Tafsiri Tabariy”da “Hashr” surasi 16-oyatining tafsiri zaylida kelgan. Alisher Navoiy Ibn Abbos rivoyatiga asoslanib, “Tarixi anbiyo va hukamo”da Barsiso haqida quyidagicha maʼlumot bergan: Barsiso yahud qavmidan boʻlib, yetmish yil muntazam toat-ibodat qiladi. Buni koʻrgan xalq unga eʼtiqod qoʻyib, murid tushadi. Shayton solih kishi qiyofasiga kirib, bir yil davomida u bilan birga ibodatxonada ibodat qiladi. Bu orada ular doʻst ham tutinishadi. Shayton Barsisoga davosiz dardlarga ham shifo boʻladigan bir duo oʻrgatadi. Barsiso bu duo bilan podshohning qizini davolaydi va el orasida yanada mashhur boʻladi. Bir kuni shoh yana muolaja qilish uchun qizini Barsisoga ishonib, yolgʻiz qoldiradi. Barsiso yolgʻiz qolgan paytda shayton vasvasasiga berilib, qizning nomusiga tegadi. Shunda shayton Barsisoga endi bu qizni oʻldirib, qarindoshlariga “qiz uydan chiqib ketdi”, deb aytishni maslahat beradi. Barsiso shayton aytganday qiladi. Soʻng shayton podshohga asl haqiqatni aytib beradi. Podshoh Barsisoni azobli oʻlimga mahkum etadi. Shayton yana inson qiyofasiga kirib, uni oʻziga sajda qilishga daʼvat etadi. Barsiso shaytonga sajda qilib, imonsiz holda olamdan oʻtadi:

Boʻlma magʻruri koʻh yoki aso,

Koʻrki ne ishga qoldi Barsiso.

(“Tarixi anbiyo va hukamo”)[1][2]

  1. Alisher Navoiy: Qomusiy lug'at. 
  2. Tarixi anbiyo va hukamo.