Baroterapiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Baroterapiya (baro... va terapiya) — davolash maqsadida yuqori yoki past (odatdagiga nisbatan) havo bosimidan foydalanish. Umumiy B. barokamerada oʻtkazilib, unga bir yoki bir necha bemor joylashtiriladi va unda kislorod, havo yoki boshqa kislorodi bor gazli aralashmaning oshirilgan yoki pasaytirilgan bosimi vujudga keltiriladi. Nafas yetishmovchiligi, yurak-tomir kasalliklari, gangrena, shok, koʻp qon yoʻqotish, shuningdek miyaga qon quyilishi yoki uning tomirlarida havo pufakchalarining turib qolishi, is gazidan zaharlanish va boshqa holatlarda B.dan foydalaniladi. Havo bosimi oshirilgan umumiy B. gavvoslarda kesson kasalligini davolashda qoʻllaniladi. Havo bosimi pasaytirilgan B. koʻkyoʻtal, bronxial astma va tashqi nafasning qiyinlashuvi bilan kechadigan kasalliklarda qoʻllaniladi. Gipertoniya, yurakning ishemik kasalligi va hazm yoʻllaridagi ayrim kasalliklarning boshlangʻich shakllarini davolashda biatrondagi umumiy B. qoʻllaniladi. Toʻqimalarning kislorodga toʻyinishini oshirish infeksiya qoʻzgʻatuvchisiga halokatli taʼsir koʻrsatadi, chunki u kislorodsiz sharoitda yaxshi koʻpayadi. Bunday davoni qoʻllash anaerob infekiiyadan oʻlishni ancha kamaytiradi va koʻpincha zararlangan sohani saqlab qolish imkonini beradi. OʻzRdagi koʻpgina davolash muassasalarida B. keng qoʻllaniladi, buning uchun ular maxsus barokameralar bilan jihozlangan. Davo maqsadida B.dan foydalanish mumkinligini vrach belgilaydi. Asosan davolash muassasalarida yetarli tayyorgarlikdan oʻtgan mutaxassis vrachlargina B. bilan shugʻullanadi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil