Bargak

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bargak — 1) oʻzbek xalq amaliy san’atida uchraydigan barg nusxa naqsh. Ayniqsa, miskarlikda rasm boʻlgan islimiy naqshlar orasida salmoqli oʻrin tutadi; 2) sharq, xususan oʻzbek ayollarining peshona va sochiga taqadigan ziynat buyumi. Kumushdan yasalib tilla suvi yugurtirilgani "tilla B." deb ataladi. Peshonaga taqiladigan B.ning tuzilishi oʻzaro oshiq-moshiqlar bilan birlashgan 13 — 15 murabba shaklidagi yaproqchalar va yaproqchalar pastiga oʻrnatilgan shokilalardan iborat. Har bir yaproqcha markaziga turunj shaklidagi shisha koʻz oʻrnatilib, uning atrofi ikki qator feruza koʻzlar halqasi bilan oʻraladi. Markaziy va uning yonidagi yaproqchalar tepasiga atrofi feruza koʻzlar halqasi bilan oʻralgan tuxum shaklidagi shisha koʻzlar oʻrnatiladi. Markazdagi koʻz kattaligi va shaklining murakkabligi bilan ajralib turadi; uning orqa tomonida patjigʻa oʻrnatiladigan naychalari boʻladi. Koʻz va yaproqchalar tepasidan marjon (qimmatbaho B.da duru marvarid)lar qatori mustahkamlanadi. Yaproqchalar pastiga ikki qator — bir qator yuqori (yaproqchalar)dagi kabi atrofi feruza koʻzlar halqasi bilan oʻralgan davragullar va ikkinchi qatoriga (asosan, barg shaklidagi) shokilalar osiladi. B. 19- a.da keng tarqalib, 20-asrda ham saqlangan. Toshkent, Samarqand, Buxoro B.lari mashhur boʻlgan. Shuningdek B.ning mato (baxmal, satin, hatto moʻyna)ga tiqilgan xillari bizgacha saqlangan. Yana q. Tillaqosh.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil