Tillaqosh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Tillaqoshzargarlik buyumi; ayollarning bosh kiyimi ustidan peshonaga taqiladigan taqinchogʻi. Tilla yoki tilla suvi yugurtirilgan kumush va boshqa metallardan yasaladi. T. asosini qayrilma qosh shaklidagi bir-biri bilan tutashadigan 2 boʻlak hosil qiladi, boʻlaklar tutashgan joyga bir dona laʼl qadaladi, boʻlaklar yuzasi naqshlar bilan bezatilib, yuqori cheti feruza koʻzlar bilan hoshiyalanadi; qayrilma qosh shaklining yuqorisiga panjarali naqshlar ishlanadi va T. uchburchak shaklidagi toj koʻrinishiga ega boʻladi, panjarali gullar oʻrtasiga feruza koʻzlar bilan hoshiyalanadigan marjon va boshqa qadamalar oʻrnatiladi. T.ning quyi qismiga oʻzaro almashinib keladigan mayda munchoq va yaproqchalar terilgan biri kalta, biri uzun zanjirlar osiladi. T.ning yuqori qismining markazi (uchi) va ikki chekkasidan zanjirlar chikarilib, ular markazda birlashadi va ilgak bilan yakunlanadi. Bir xil badiiy usulda bezatilgan T. gajak, isirgʻa, zebigardon bilan birga ansambl hosil qiladi. T. shakliga oʻxshash peshonaga taqiladigan ziynat buyumi Fargona vodiysida bargak, tepa qismidagi panjarali naqshlari boʻlmagan turi Buxoroda bolo abru deb ham ataladi, Xorazmning osmatuzi taqinchogʻi oʻziga xos bezatilishi bilan T.dan farq qiladi. Qadimdan kelin hamda yosh ayollarni himoyalovchi tumor vazifasini bajargan. T. hozir, asosan, toʻy marosimida va raqqosalarning milliy libosining tarkibiy qismi sifatida qoʻllaniladi.