Barakatxon ibn Davlat Malik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Barakatxon ibn Davlat Malik (? - 1246) — Jaloliddin xorazmshohning nufuzli amirlaridan biri. Otasi — Davlat Malik Xorazmshoh Malshadning o‘g‘li G‘iyosiddin Pirshohning amiri bo‘lgan. Davlat Malik Eron Ozarbayjonidagi Zanjon yaqinidagi jangda halok bo‘lgach (1224), Barakatxon Ozarbayjondagi ildegiziylar hukmdori Og‘abek O‘zbek qo‘lida tarbiya topgan. Jaloliddin Hindistondan qaytib Tabrizni olgandan so‘ng (1225), Barakatxon uning xizmatiga kirgan va tez orada yirik lashkarboshilaridan biriga aylangan. Jaloliddin halok bo‘lganidan so‘ng (1231 yil avgust), Barakatxon uning boshqa amirlari Qirxon, Ilon Bug‘o, Saruxon, Berdixon (Xonberdi) qatorida Alouddin Kayqubod qo‘shiniga kirgan. Ammo Kayqubodning vafotidan so‘ng uning vorisi Kayxusrav xorazmiylar qo‘mondoni Barakatxonni o‘ziga qarshi fitnada ishtirok etganlikda ayblab hibsga oladi. Shunda xorazmlik boshqa amirlar isyon ko‘tarib, Barakatxonni ozod qiladilar va mamlakatni talontaroj qilib ketadilar. 1237 — 46 yillarda Barakatxon boshchiligidagi xorazmiylar Yaqin Sharq hukmdorlarining o‘zaro nizolarida ishtirok etganlar. 1246 yil Barakatxon Shom viloyatlari birlashgan qo‘shini tomonidan mag‘lub etilib, jangda halok bo‘lgan, qo‘shini tarqab ketgan. Bir qism qo‘shin Barakatxonning o‘g‘li qo‘mondonligida xalifa xizmatiga o‘tgan.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. "Barakatxon ibn Davlat Malik" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil