Kontent qismiga oʻtish

Baqoxon Abdullaxoʻjayev

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Vikipediyada ismi Baqo va familiyasi Abdullaxoʻjayev boʻlgan boshqa kishilar haqida ham maqolalar mavjud.
Baqoxon Abdullaxoʻjayev
Tavalludi 1871-yil
Fuqaroligi Buxoro amirligi
Kasbi Qozi
Faoliyat yillari 19031929

Baqoxon Abdullaxoʻjayev (1871-yil, Samarqand – ?) – qozikalon, Samarqand viloyati Diniy nazorat boʻlimi rahbari.

Baqoxon qozi Abdullaxoʻjayev 1871-yilda Samarqandning Qalandarxona mavzeyi, Dari Zanjir guzarida tugʻilgan. Baqoxon ikki yoshga kirganda otasidan ayriladi. Dastlab Samarqandning taniqli mudarrislaridan qori Ziyoda, keyin „Shayboniyxon“ va „Dari Zanjir“ madrasalarida mudarris Ulugʻxon Nosirxonov qoʻlida taʼlim olgan. Shundan keyin Samarqand shahridagi Orifjonboy madrasasiga oʻqishga kirib, mashhur mudarris, Toʻraxon Moʻminxonov rahbarligi ostida tahsilni davom ettiradi. 1895-yilda Buxoroga borib, „Devonbegi“ va „Mir Arab“ madrasalarida Abduroziqcha domla, Gʻiyos mahdumlar domlalar qoʻlida madrasa taʼlimini yakunlaydi. Baqoxon qozi Abdullaxoʻjaev 1900-yilda Buxorodagi madrasalarni eng yaxshi baho bilan bitirgan sanoqli talabalar ichida shaxsan Buxoro amiri Abdulahadxon qoʻlidan mudarrislik yorligʻi va pul mukofoti oladi.

Samarqandga qaytgan Baqoxon 1903-yili Mahdumi Xorazm masjidi imomi etib tayinlanadi. 1905-yilda oʻzi tahsil olgan Dari Zanjir masjidiga imom boʻlib, shu nomdagi madrasada mudarrislik ham qiladi. 1912-yilda Samarqand viloyatining qozikaloni boʻlgan. Baqoxon Abdullaxoʻjaev sovetlar hokimiyat tepasiga kelgunicha shu lavozimni egallab turgan. Qozikalonlik davrida Buxoro madrasasida birga oʻqigan doʻsti Mahmudxoʻja Behbudiy va u boshchiligidagi jadid maʼrifatparvarlari uchun yaxshi sharoit yaratib berishga harakat qilgan. 1916-yilda aholini mardikorlikka olishga qarshi mintinglarga qozikalon sifatida barcha qozilarni safarbar qilgan[1].

1917-yilda yuz bergan fevral voqealaridan soʻng qozi Baqoxon Abdullaxoʻjaev jadid taraqqiyparvarlari safida boʻldi. Jadid maʼrifatparvarlari maxfiy „Milliy ittihod“ tashkilotini tuzib, barcha ishonchli ziyolilarni unga jalb etishga harakat qiladi. Tashkilotning qasamyodini tayyorlab, Toshkentdagi Portsova nashriyot uyida koʻp ming nusxada nashrdan chiqaradilar. Aʼzolar varaqa oxiriga imzo qoʻyib, Qurʼoni karim va qurol bilan oʻzlarining sadoqatlarini maʼlum qilishi kerak edi. Mahmudxoʻja Behbudiy va shogirdi Mardonqul birinchilardan boʻlib qozi Baqoxonni yoʻqlaydilar. Baqoxon doʻstining soʻzini yerda qoldirmay varaqani imzolaydi. Behbudiy koʻp oʻtmay amir buyrugʻi bilan qatl ettirilgach, Qozi Baqoxon Abdullaxoʻjayev uning oʻrnida Samarqand taraqqiyparvarlariga koʻmakchi boʻlgan[2].

1921-yili qozi Baqoxon Abdullaxoʻjayev va qozi Haydar Abdusaidovlar Oʻratepaga istiqlolchilar qurultoyiga borib, ularni qoʻllashini maʼlum qiladi. 1922-yilda Baqoxon oʻz hovlisida Hamroqulbekni ishonchli yigitlari bilan mehmon qilgan. Shunda istiqlolchilik kurashining hech qanday kelajagi yoʻqligi, qoʻrboshilarga urushdan chekinib boshqa yurtlarga koʻchib ketish tavsiya qiladi. Baqoxon qozi Abdullaxoʻjaev 1923-yilda Munavvarqori tashabbuskorligida ochilgan „Nashri maorif“ jamiyatiga yordam berib turgan. 1924—1928-yillarda Samarqand viloyati Diniy nazorat boʻlimini boshqargan. Shu bilan birga xalq sudida shaʼriy masalalarga oid ishlarni ham koʻrgan. 1929-yilda sovetlar hukumati diniy ulamolarni sinf sifatida tugatishga bel bogʻlaydi. Mol mulkidan ayrilgan qozi Baqoxon Abdullaxoʻjaev shundan soʻng farzandlari bilan kichik yerida dehqonchilik qiladi.

Qatagʻon qilinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Baqoxon Abdullaxoʻjayev 1941-yil 26-martda qamoqqa olinadi[3]. 1941-yil 8-oktyabrda kuni dindor, sobiq imom, qozi degan ayblovlar bilan OʻzSSR Jinoyat Kodeksining 58-, 66-, 67-moddalariga koʻra 10 yilga qamoqqa hukm etiladi.