Bankiv tovugʻi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bankiv tovugʻi, yovvoyi tovuq (Gallus gallus) — tovuqsimonlar turkumining qirgʻovulsimonlar oilasiga mansub parranda. Jan. Osiyoda keng tarqalgan. Bu yerlarda hozir ham uchraydi. Togʻ va tekisliklardagi oʻrmon va butazorlarda yashaydi. Ch. Darvin Bankiv tovugʻi xilma-xil zotli xonaki tovuqlarning yovvoyi ajdodi ekanligini aniqlagan. Bankiv tovugʻi Hindistonda miloddan avvalgi 3000-yil ilgari qoʻlga oʻrgatilgan. Uy tovuqlari Hindistondan Eron orqali Yevropaga tarqalgan degan taxminlar bor. U qoʻlga tez va oson oʻrganadi. Parvarish qilish, tanlash va chatishtirish yoʻllari bilan yovvoyi tovuqdan katta farq qiladigan xonaki tovuq zotlari yetishtirilgan. Bankiv tovugʻi ning rangi dakang xoʻrozning rangiga oʻxshaydi. Xoʻrozining ogʻirligi 900 — 1250 g , makiyoniniki 500 — 550 g . Bankiv tovugʻi yaxshi uchadi; kechalari daraxtda tunaydi. Makiyoni 5—13 donagacha maydaroq tuxum qoʻyadi. Bankiv tovugʻi har xil don, urugʻ, meva va umurtqasiz mayda jonivorlar bilan ovqatlanadi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. "Bankiv tovugʻi" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil