Baliq oʻstirish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Baliq oʻstirish - hovuz va boshqa suv havzalarida baliqlarga ozuqa berib boqish. Zogʻora baliq, xonbaliq, oʻtxoʻr baliq, sudak, ilonbaliq va b. baliqlarni boqish tartibi ishlab chiqilgan. Issiqsevar baliqlar (zogʻora baliq, tovonbaliq, leshch, amur va b.) boqiladigan hovuzlar oʻtloqi va botqoqli hududlarda barpo etilib, ularga daryo, kanal, kollektorlardan hamda koʻllardan suv olinadi. Salqinsevar baliqlar (xonbaliq, sulaymonbaliq va oqbaliq) boqiladigan hovuzlar organik moddalar kam boʻlgan hududlarda qurilib, ularga buloq va ariqdan suv olinadi. Baliq oʻstirish hovuziga begona baliqlar kirmasligi va hovuz ichidagi baliqlar chiqmasligi uchun suv kiradigan va chiqadigan joyiga maxsus panjara qoʻyiladi. Baliq oʻstirish hovuzi kelajakda undan boshqa maqsadda foydalanishni hisobga olib, kichik daryo qirgʻoqlariga quriladi. Baliq oʻstirish hovuzini uzoq muddat yaxshi saqlash maqsadida, uning meliorativ holatini yaxshilovchi tadbirlar amalga oshiriladi. Bu tadbirlar hovuzdan tashqarida va hovuzda oʻtkaziladi. Birinchisiga suv yigʻiladigan maydoncha qiyaligini zinapoyalarga boʻlish, hovuzga tushadigan suvni tozalash va uni kislorod bilan boyitish, toshqin suvlarni gʻamlash, hovuz ichini loyqa bosishdan saqlash ishlari kiradi. Hovuzni vaqt-vaqti bilan quritib, zarur suv-havo tartiboti yaratish, qamish, qoʻgʻa, lux kabi oʻtlar bosishining oldini olish, hovuzda torf qatlamlari hosil boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik, hovuz tubini loyqa va b. choʻkindilardan tozalash ishlari ikkinchi guruhdagi tadbirlardir. Baliq oʻstirishda kunjara, arpa, bugʻdoy va javdar kepagi, baliq uni, goʻsht uni va hokazo ishlatiladi. Baliq ovqati maxsus stolchada beriladi (stolcha suvga 0,5 — 0,75 m botirib qoʻyiladi) yoki hovuz tubiga qurilgan maxsus ovqat maydonchasiga solinadi. Baliq oʻstirishda suvning harorati ham hisobga olinadi. Mac, zogʻora baliq suvning harorati 20 — 26, xonbaliq 15 — 18 boʻlganda yaxshi ovqatlanadi. Baliq oʻstirishda hovuzning meliorativ holati yaxshilanadi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. "Baliq oʻstirish" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil