Bakteriyemiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bakteriyemiya (bakteriyalar va yun. haima — qon) — qonda bakteriyalar boʻlishi. Bakteriyalar odam va hayvonlar qoniga teri va shilliq pardalar shikastlanganda, shuningdek limfa tugunlari, tomirlar sistemasi va boshqa aʼzolar patologik jarayondan oʻzgarganda kiradi. Koʻpgina infeksion kasalliklar — leptospirozlar, toshmali va qaytalama terlamalar, tulyaremiyada kuzatiladi. B. ayniqsa ichak infeksiyalari (ich terlama, paratif, salmonellyozlar, brutsellyoz va h.k.)ga xos, bu kasalliklarda B. patologik jarayonning yoyilib ketishiga sabab boʻladi. B. kasallikning oʻtkir davrida yaqqolroq koʻrinadi. Ionlashtiruvchi nurlar taʼsir etganda tabiiy immunitetning buzilishi, antitelolarning kam ishlanishi, leykotsitlar kamayishi va ularda fagotsitoz qobiliyatining susayishi, toʻqima toʻsiqlari oʻtkazuvchanligining zoʻrayishi va boshqa bir qancha omillar taʼsirida kelib chiqadi. Organizm B.ni yenggan sayin bakteriyalar qonda kamayib, tamomila barham topadi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil