Bakterioliz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bakterioliz – bakteriyalarning antitelolar, bakteriofaglar, lizotsim, antiseptiklar, ximioterapevtik moddalar, autoliz taʼsirida erishi, immun reaksiyalarning bir turi. B. bakteriya hujayrasi devoridagi peptidoglikon va sitoplazma membranasining yemirilishidan iborat. Spesifik (bakteriofaglar, bakteriolizinlar, lizotsim taʼsirida) va nospesifik (ayrim gidrolitik fermentlar, fizik va kimyoviy omillar ishtirokida) B. farq qilinadi. B. odam va hayvonlar organizmida mikrobga qarshi antitelolar taʼsirida roʻy beradi. Bu jarayon bakterioliz reaksiyasi deb atalib, laboratoriya sharoitida ham qoʻllaniladi. Oldindan tayyorlab qoʻyilgan maʼlum immun zardob vositasida kasallik mikrobini aniqlash mumkin. Reaksiya oqibatida mikrob hujayrasining yuzasidagi moddalar parchalanib, ichidagi mahsulot atrof muhitga ajralib chiqadi. Bu reaksiyadan asosan organizmda mikrobga qarshi (mas, vabo kasalligida) antitelolar hosil boʻlish jarayonini oʻrganishda foydalaniladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. "Bakterioliz" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil