Badiha

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Badiha – xalq ogʻzaki ijodi anʼanalari asosida tuyqusdan, birdaniga aytilgan soʻz, sheʼr yoki qoʻshiq. Jahon xalqlari ijodida uchraydi. Muayyan asarni ijro yoki qayta ijro etganda ijodkorning unga kiritgan ijodiy oʻzgartishlari. B. sanʼatning barcha turiga xos boʻlib, tur va janrlar xususiyatiga koʻra turli koʻrinishlarda namoyon boʻladi. B. deganda, koʻp hollarda sheʼriy taʼbga ega, soʻzga chechan kishilarning tayyorgarliksiz, toʻsatdan, qandaydir ichki tugʻyon bilan aytgan jozibali soʻzlari, satrlari tushuniladi. Lekin har qanday B. yuksak tajriba va iqtidor bilan bogʻliq. Baxshilar, askiyachilar, masharabozlar, ertakchilar sanʼatida bu yorqin namoyon boʻladi. Hatto xalq ogʻzaki ijodining ayrim janrlari toʻlaligicha B. asosida ijro etiladi (mas, Askiya). Xalq ijodchilari orasida B. sanʼati qadimdan yuksak qadrlanib kelgan. Poʻlkan, Islom shoir, Fozil Yoʻldosh oʻgʻli, Ergash Jumanbulbul oʻgʻli va boshqa baxshi-shoirlar, Yusufjon qiziq, Amin buva, Joʻraxon Sultonov, Abdulxay Maxsum Qozoqov va boshqa soʻz ustalari ijodida B. asosiy oʻrin tutadi. Yozma adabiyotda B. asosan mushoira tarzida yaratilgan. B.lar yaratish va aytish ayniqsa Alisher Navoiy zamonida taraqqiy etgan.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil