Azot toʻplovchi mikroorganizmlar
AZOT TOʻPLOVCHI MIKROOR-GANIZMLAR, azotfiksatorlar – atmosferadagi molekulyar azot (N2) ni oʻzlashtiruvchi va uni organik birikmalarga oʻtkazuvchi mikroorganizmlar. Azot toʻplovchi mikroorganizmlar m. ga dukkakli oʻsimliklar (beda, sebarga, noʻxat va boshqalar) bilan simbioz hayot kechiruvchi Phisobium turkumiga mansub bakteriyalar (qarang Tuganak bakteriyalar) kiradi. Dukkakli oʻsimliklar eqilgan har bir gektar maydonda yiliga 100– 250 kg va undan ortiq atm. azoti toʻplanadi. Beda ildizida toʻplangan biologik azot tuproq unumdorligini oshiradi, tuproq tarkibidagi chirindi miqdorini koʻpaytiradi, tuproqning gidrolitik kislotaligini pasaytiradi. Dukkaksiz oʻsimliklar (qandogʻoch, jiyda va boshqalar) ildizida tuganaklar hosil qiluvchi aktinomitsetlar ham azot toʻplovchi mikroorganizmlar m. hisoblanadi. Ba’zi azot toʻplovchi bakteriyalar ayrim tropik oʻsimliklar bargi toʻqimalarida tuganaklar hosil qilib rivojlanadi. Tuproqda va suv havzalarida erkin yashovchi sporali anaerob bakteriya – klostri-dium, aerob sharoitda yashovchi mikro-organizmlar – azotobakter (qarang azoto-bakterin), oligonitrofillar (azotsiz oziqmuhitida yashovchi bakteriyalar) ham azot toʻplovchi faol mikroorganizmlarga kiradi. Koʻk-yashil suvoʻtlarning koʻpchilik turlari (Nostoc, Anabaena va boshqalar), ayrim toʻq-qizil oltingugurt bakteriyalar va yashil bakteriyalar ham aktiv azot toʻplovchi mikroorganizmlar m. dir. Azot toʻplovchi koʻk-yashil suvoʻtlarning 80 turi ma’lum boʻlib, 45 turi Oʻrta Osiyo tuproqlari va suv havzalarida tarqalgan. Ayrim zamburugʻ turlari, achitqilar, spiroxetlar va boshqa ham atm. azotini toʻplashda ishtirok etadi. Azot toʻplovchi mikroorganizmlar m. tabiatda azotning aylanishida, xususan oʻsimlikni oʻzlashtira olish mumkin boʻlgan azot bilan ta’minlashda, ya’ni atm. azotini oʻsimliklar foydalanadigan koʻrinishga keltirishda katta ahamiyatga ega (qarang Azotfiksatsiya).
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |