Ayyor
Ayyor, ayyorlar (arab. – mugʻombir, daydi, yalangoyoq, maxfiy ish olib boruvchi) – 1) Iroq va Eron shaharlarida IX–XI asrlarda diniy va siyosiy tusdagi gʻalayonlarda faol ishtirok etgan gʻoziylarning bir tabaqasi. Masalan, safforiylar qoʻshinining tarkibiy qismini al-mutatavviʼa ("koʻngillilar") tashkil qilgan, ularni kamsitib Ayyor deb ("muttahamlar" maʼnosi ham bor) atash-gan. Ayyor tabaqasi yersiz va qochoq dehqonlar hisobiga safini toʻlatib borgan. Ayyor mamlakat siyosiy hayotida muhim rol oʻynaganlar. Jangda alohida jasorat, shijoat koʻrsatgan Ayyor yuqoriroq tabaqaga – sarhanglar qatoriga oʻtkazilgan; 2) oʻrta asrlarda oʻzaro jang qiluvchi ikki mamlakatning biridan ikkinchisining orqa tomoniga, shuningdek dushman qoʻshini orasiga maxfiy ravishda yuborilib, unda hiyla-nayrang ishlatib qutqu solish, qoʻshinning orasini buzish, eng kerakli kishilarni aldab yoʻldan urish yoki qoʻlga tushirish kabi ishlar bilan shugʻullanuvchi shaxs. Oʻtmishda xon (bek)liklar oʻrtasidagi oʻzaro nizo-janjallarda Ayyorlar katta xizmat qilgan. Masalan, Mehtarbodi Yaldoyi Samarqandiy, Chor Zoʻlobiy, Dogʻuli, Xavoriq ("Abomuslim" dostonida), Kamak Kayyoniy ("Jamshid" dostonida), Yosuman (Alisher Navoiyning "Farhod va Shirin" dostonida) va boshqa; 3) mugʻombir, "tulki", oʻz foydasi uchun zimdan ish qiluvchi shaxs; 4) badiiy adabiyotda shoʻx, dilrabo, nozli, sehrgar, oʻziga rom etuvchi yor (maʼshuqa).
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |