Kontent qismiga oʻtish

Ayiqtovondoshlar

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Ayiqtovondoshlar (Ranunculaceae) – ikkipallalilar sinfining ayritojlilar kenja sinfiga mansub oʻsimliklar oilasi. Ayiqtovondoshlar asosan koʻp yillik (ba’zilari bir yillik) oʻt. Buta yoki chala buta turlari ham uchraydi. Barglari ketma-ket (ba’zi turlarida qarama-qarshi) oʻrnashgan, koʻpincha yon bargchasiz, panjasimon – oʻyma yoki qirqma, oddiy (ba’zilarida murakkab). Gullari ikki jinsli, koʻpchilik turlarida toʻgʻri (akti-nomorf), ayrim turlarida qiyshiq (zigo-morf). Gulqoʻrgʻoni oddiy yoki qoʻshqavat. Sallagul (Paeonia), suvyigʻar (Aquilegia), parpi (Aconitum), isfarak (Delphinium), ayiktovon (Ranunculus) kabi turkumlarga mansub oʻsimliklarning gulkosasi, koʻpchilik turlarida esa gultojlari ham besh bargli. Aksariyat turlarida changchi va urugʻchilar koʻp. Mevalari – bargak yoki yongʻoqcha, kamdan-kam hollarda koʻsakcha shaklida. Ayiqtovondoshlarning 1500 ga yaqin turi bor. Tropik zonadan boshlab shimolidagi barcha mintaqalarda uchraydi. Markaziy Osiyoda 200 dan ziyod turi (25 turkumi) bor. Oʻzbekistonda Ayiqtovondoshlarning ayiktovon, isfarak, pufanak (Anemone), adonis (Adonis), suvyigʻar kabi turkumlariga mansub juda koʻp turlari oʻsadi. Ba’zilari, mas, sallagul, isfarak, suvyigʻar xushmanzara oʻsimlik, ayrimlari esa, mas, adonis, ayiqtovon, parpilar dorivor oʻsimlik. Ayiqtovondoshlarning ayiqtovon, parpi singari turkumlariga mansub turlarning tarkibida zaharli moddalar (alkaloid va glikozidlar) bor. Shu sababli bundam oʻsimliklar oʻsgan oʻtloqlarda mol boqish xavfli.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil