Ayblov xulosasi
Ayblov xulosasi – jinoyat yuzasidan tergov natijasida aniqlangan holatlar va ayb mazmuni bayon etilgan protsessual hujjat. Ayblanuvchi va uning himoyachisini jinoyat ishidagi barcha materiallar bilan tanishtirib boʻlgach, tergovchi, basharti ishni sudga yuborish uchun yetarli asoslar borligi toʻgʻrisidagi fikri oʻzgarmagan boʻlsa, Ayblov xulosasi tuzadi. Ayblov xulosasi tavsif-asoslantirish va xulosa qismlaridan iborat boʻladi. Tavsif qismida dastlabki tergovda aniqlangan holatlar: jabrlanuvchi, shuningdek ayblanuvchi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar; ayblanuvchining aybdorligini tasdiqlovchi dalillar, ayblanuvchining oʻzini himoya qilish uchun keltirgan vajlar va ularni tekshirish natijalari bayon qilinadi. Xulosa qismida ayblanuvchining shaxsi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar keltiriladi hamda e’lon qilingan ayblovning mazmuni JKning shu jinoyatni nazarda tutgan moddasi yoki moddalarini ham koʻrsatgan holda bayon qilinadi. Ayblov xulosasida bayon qilingan holatlarni tasdiqlovchi ish sahifalari koʻrsatilishi kerak. Ayblov xulosasi qayerda va qachon tuzilganligi koʻrsatilib, tergovchi tomonidan imzolanadi (Oʻzbekiston Respublikasi JPK, 379-modda).232A.x.ga tergovchining fikricha sud majlisiga chaqirilishi lozim boʻlgan shaxslarning roʻyxati, shuningdek qoʻllangan ehtiyot choralari, gumon qilinuvchi va ayblanuvchi qancha vaqt qamoqda saqlanganligi toʻgʻrisidagi, ashyoviy dalillar, fuqaroviy da’voni va mol-mulkning musodara qilinishi ehtimolini ta’minlash choralari, sud chiqimlari toʻgʻrisidagi ma’lumotlar ilova qilinadi. Tergovchi Ayblov xulosasini imzolaganidan keyin jinoyat ishini darhol prokurorga yuboradi (Oʻzbekiston Respublikasi JPK 380–381-moddalar).
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |