Asotir

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Asotir (b. ustura) — juda qadim zamonlarda koinot va hayotning paydo boʻlishi, tabiat hodisalari, dunyoning oxiri va tugashi haqidagi kishilarning aqidayu xayollarini, afsonaviy qahramonlarning muʼjizalarini bayon qiluvchi rivoyat va afsonalar. Asotirlar rus va Yevropa adabiyotshunosligida "mif", "mifologiya" deb yuritiladi. Oʻrta Osiyo va Eron xalqlarining eng qadimgi zamonlarda Kayumars, Hushang, Tahmuras, Jamshid va boshqa afsonaviy qahramonlar haqida yaratgan asotiriy rivoyatlari paydo boʻlgan va ular hozirgi kungacha etib kelgan. Oʻrta asr tarixchilarining umumiy tarix boʻyicha yozgan asarlarining boshlangʻich anʼanaviy qismlari, koʻpincha, asotirlardan iborat boʻlgan. Asotirlar yozma adabiyotga ham oʻtib, gʻoyaviy jihatdan qayta ishlandi. Ular Abulqosim Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Xisrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy ijodlariga katta taʼsir koʻrsatdi. Zardushtiylik dinining kitobi "Avesto" Turkiston va Eron xalqlari yaratgan qadimgi asotirlarning oʻziga xos qomusi hisoblanadi[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Muhammadjon Hakimov. Sharq manbashunosligi lugʻati. -T.: „Davr press“, 2013.