Asʼhobi Kahf

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Asʼhobi Kahf – oʻz davri podshohi Daqyonus (imperator Detsiy) zulmidan qochib, imonlarini saqlash maqsadida gʻorga kirib yashiringan va Alloh taoloning irodasi, ilohiy moʻjiza bilan koʻp yillar uxlatib qoʻyilgan yosh yigitlar va ularning iti.

A.K.ning necha kishi boʻlganligi haqida (3, 5, 7 kishi) ixtilof bor. Ular Allohning inoyati bilan 309 yildan soʻng uygʻonib, Tamlixo degan sheriklarini yegulik uchun shaharga yuborishadi. Tamlixo sotuvchiga yegulik haqqini toʻlash uchun Daqyonus davridagi tangani beradi. Sotuvchi bu eski pulni koʻrib, Tamlixoni podshoh huzuriga olib keladi. Podshoh bu holatga oydinlik kiritish uchun olimlarni chaqiradi. Olimlar Injilda bu haqda bashorat kelganini aytishadi. Podshoh bu ishdan xursand boʻlib, Tamlixo bilan gʻorga keladi va A.K. suhbatiga musharraf boʻladi. A.K. taomni yeb boʻlishgach, yana uyquga ketishadi va uyqu chogʻida Haq taolo amri bilan vafot etadilar. Podshoh ana shu gʻorda ulkan bir maqbara qurdiradi.

A.K. haqida “Tarixi anbiyo va hukamo”da maʼlumot berilgan. Shuningdek, Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror”da Nizomiy, Amir Xus­rav va Jomiyni fano Kahfining asʼhobiga, oʻzini esa ularning itiga mengzagan:

Kahfi baqo ichra alar boʻlsa gum,

Men ham oʻlay robiuhum kalbuhum.

(“Hayrat ul-abror”, 13-bob )

“Xamsat ul-mutahayyirin”da Sogʻariy degan shoir ushbu baytga javob yozgani va bu javob Navoiyga ham, Jomiyga ham maqbul tushmagani haqida maʼlumot beriladi[1][2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. “Alisher Navoiy: Qomusiy lugʻat”. 
  2. “Tarixi anbiyo va hukamo”.