Areometr
Areometr (yunoncha: araios — yengil, siyrak; metron — oʻlchov) — suyuqlik va qattiq jismlarning zichligini oʻlchaydigan asbob. Areometr tuzilishi Arximed qonunida asoslangan. Bunda areometr siqib chiqargan suyuqlik ogʻirligi uning ogʻirligiga teng. Areometr doimiy ogʻirlikli va doimiy hajmli boʻladi. Doimiy ogʻirlikli areometr (1-rasm) bilan oʻlchashda zichlik areometrning suyuqlikka botish darajasiga qarab aniqlanadi. Bu xildagi areometrga densimetrlar (shkalasi zichlik birliklarida darajalangan), eritmalarning konsentratsiyasini (quyuq yoki suyuqligini) oʻlchash uchun ishlatiladigan spirtometrlar va saharometrlar (shkalasi ogʻirlik yoki hajmiy foizlarda darajalangan) kiradi. Densimetrlar shisha yoki metalldan yasaladi. Yuqori temperaturalarda metall densimetrlar ishlatiladi. Odatda areometr maʼlum (asbobda koʻrsatilgan) temperaturada darajalangan boʻlib, boshqa temperaturalarda oʻlchangan qiymatlarga tegishli tuzatmalar kiritiladi. Doimiy hajmli Areometr(2-rasm) bilan zichlikni oʻlchashda asbob suyuklikka halqasimon tamgʻasigacha botiriladi. Shunda suyuqlik zichligi palladan olingan yoki unga qoʻyilgan toshlar qiymati bilan aniqlanadi. Qattiq jismlarning zichligini oʻlchashda doimiy hajmli areometr korpusining pastki qismiga qoʻshimcha palla biriktiriladi (Areometr tarozi).
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |