Appalachi togʻlari

Appalachi togʻlari — Shimoliy Amerikadagi togʻlar, AQSH bilan Kanada hududida. Janubi-gʻarbdan shimoli-sharqqa 2600 km choʻzilgan, eni 300—500 km. Eng baland choʻqqisi — Mitchell togʻi (2030 m). Appalachi togʻlari janubiy-sharqiy va shimoliy qismlari paleozoy erasida burmalangan kristall jinslar (gneyslar, kristalli slaneslar, kvarsitlar)dan, janubiy-gʻarbiy qismi choʻkindi jinslar — ohaktosh, qumtosh, gilli slaneslardan tashkil topgan. Mezozoy va kaynozoyda togʻlar gumbazeimon koʻtarilgan. Togʻlarni koʻpdan-koʻp daryolar parchalab yuborgan. Shimoliy tomonlari relefini toʻrtlamchi davr muzliklari ancha oʻzgartirgan. Appalachi togʻlari iqlimini Atlantika okeani yumshatib turadi. Yogʻin 1000—1300 mm. Janubda togʻ yon bagʻirlari 1000 m balandlikkacha keng bargli oʻrmonlar, undan yuqorida aralash va igna bargli oʻrmonlar bilan qoplangan. Appalachi togʻlarida toshkoʻmir, neft, temir rudasi, mis, kumush, kobalt bor. Appalachi togʻlarida 2 ta millim park mavjud. Turizm va ovchilik rayoni hisoblanadi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |