Kontent qismiga oʻtish

Anakondalar

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Anakondalar (Eunectus) — boʻgʻma ilonlar urugʻi. Hozirgi ilonlarning eng yirigi — uzunligi. 10 metrgacha (qayd qilingan uzunligi. 11,43 metr). Sargʻish-kulrang tanasi orqa tomondan 2 qator yirik doira shaklidagi qoʻngʻir, yon tomonlardan bir necha qator mayda oqish dogʻlar bilan qoplangan. 3 turi tropik. Janubiy Amerikaning daryo, koʻl va botqoqliklarida tarqalgan. Oddiy A. (Ye. murinus) kuproq uchraydi. A. suvda yaxshi suzadi va shoʻngʻiydi, suv tubida uzoq, tura oladi. Suv ostida burun teshiklari klapanlar bilan bekiladi. A. har xil mayda umurtqalilar (kemiruvchilar, tuyoqlilar, toshbaqalar, qushlar, yosh timsohlar), baʼzan uy hayvonlari bilan oziqlanadi, kamdan-kam odamga hujum qiladi. Qurgʻoqchilik mavsumida balchiqqa koʻmilib karaxt boʻlib oladi. Tuxumdan tirik tugʻish (baʼzan tuxum qoʻyish) orqali koʻpayadi. 28 tadan 42 tagacha tuxum qoʻyadi. Tuxumlardan darhol yosh ilonlar chiqib, suvga tushib ketadi. A. tutqinlikda 28 yilgacha (oʻrta hisobda 5-6 yil) yashaydi. Terisi, goʻshti va yogʻi uchun ovlanadi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil