Amortizatsiya ajratmalari
Amortizatsiya ajratmalari – mahsulot tannarxiga kiritiladigan asosiy fondlar amortizatsiyasi summasi; asosiy fondlarni qisman tiklash (kapital taʼmir va yangilash) va toʻliq tiklash (renovatsiya) fondlarini yaratishga xizmat qiladi. Amortizatsiya ajratmalari meʼyorlari asosiy fondlar qiymatiga proporsional holda hisoblanishi, yaʼni taxminan foydalanish muddatiga tekis taqsimlanishi yoki kamayib boruvchi balans usulida – jadallashtirilgan tartibda hisoblanishi mumkin. Jadallashtirilgan tartibda foydalanishning birinchi yilida amortizatsiya meʼyori 2-marta oshiriladi, ikkinchi yili qoldiq qiymatining 20% va shu tarzda ajratmalar nazarda tutiladi. Natijada asosiy fondlar qiymatining qismi ular xizmat muddatining yarmidayoq amortizatsiyalanadi. Amortizatsiya meʼyorlarining pasaytirilishi asosiy fondlarning yangilanishini sekinlashtiradi, oshirilgan meʼyorlar mahsulot tannarxini qimmatlashtiradi. Shu sababli Amortizatsiya ajratmalari normativlari davlat tomonidan tartibga solinadi. Amortizatsiya ajratmalari taʼminlashi kerak boʻlgan asosiy shart asosiy fondlar eskirishini toʻliq qoplash va ularni takror yaratishni taʼminlashdir. Bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda davlat Amortizatsiya ajratmalari normativlarini belgilab, jadallashtirilgan amortizatsiya orqali tadbirkorlarga soliqqa tortiladigan foyda summasini kamaytirishga imkoniyat yaratib beradi. Ayni paytda asosiy fondlar qiymatini hisobdan chiqarishni tezlatish tadbirkorni asosiy fondlarning maʼnaviy eskirishi bilan bogʻliq ehtimoli boʻlgan zarar koʻrishdan saqlaydi, yangi texnika va texnologiyani tezroq joriy etishga ragʻbatlantiradi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |