Allergologiya (allergiya va logos — fan) — tibbiyot fanining bir boʻlimi boʻlib allergik kasalliklarning paydo boʻlishi sabablari, avj olish mexanizmi, belgilari, oldini olish usullari va davolash choralarini oʻrganadi. Allergologiya immunologiya bilan chambarchas bogʻlangan, chunki allergiya immunologik mexanizmlar asosida kelib chiqadi. Allergologiyaning asosiy qismini klinik allergologiya tashkil etadi. Allergologiyaning allergik reaksiyalarni oʻrganadigan — autoallergiya, immunopatologiya, shuningdek antitelolar keltirib chiqaradigan qon kasalliklarini oʻrganadigan immunogematologiya boʻlimlari bor. Oʻzbekistonning allergolog olimlari birinchi boʻlib Qoraqalpogʻistonda hamda viloyatlarda bolalar va katta yoshdagilar oʻrtasida allergik kasalliklar tarqalishining hududiy xususiyatlarini aniqladilar (T. B. Yeshanov, L.Ya. Sgibova, N. G. Alayeva, M. D. Daljanov). Oʻzbekiston olimlari 15 hududiy choʻl changi, sanoat va hasharot allergenlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydilar va amalda qoʻllashni tavsiya etdilar (M. M. Haqberdiyev, S. A. Zaxvatkina, N. V. Susina). Don va moʻm kuyasi hamda chivinlarning allergik kasalliklar tarqatishdagi roli aniqlanadi (I. R. Yoʻddoshev, O. I. Yusupova). Katta yoshli bemorlarda atopik bronxial astma va pollinozlarning klinik kechishi xususiyatlarini oʻrganishda oʻziga xos tashxis usullari ishlab chiqilgan (O. A. Nazarov, E. I. Salimov va boshqalar). Oʻzbekistonda ixtisoslashgan allergik yordam koʻrsatadigan Respublika Alergologiya markazi (1980-yildan), allergik kabinetlar va boʻlimlar mavjud.