Kontent qismiga oʻtish

Algologiya

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Algologiya (lotincha: alga — suvoʻt, yunoncha, logos — taʼlimot), fikologiya — botanikaning suv oʻtlarini oʻrganadigan boʻlimi. Algologiyaning oʻrganish ob’ekti bir hujayrali mikroskopik oʻlchamdagi prokariot (koʻk-yashil suv oʻtlari, proxlor-fitsimonlar) hamda koʻp hujayrali yirik (uz. 60 m gacha) eukariot (yashil, sariq-yashil, qoʻngʻir, qizil va boshqalar) organizmlardir. Mikroskopik kattalikdagi suv oʻtlari baʼzan mikrobiologiyaning oʻrganish ob’ekti hisoblanadi. Algologiyaning mustaqil fan sifatida rivojlanishi XIX asrning ikkinchi yarmida ota-bola Agerdlar hamda Kyutsin de Bari, G. Tyure, N. Prins-geym, L. S. Sentkovskiyning suv oʻtlarining morfologiyasi va sistematikasi sohasidagi tadqiqotlari bilan bogʻliq, XX asrning ikkinchi yarmida suv oʻtlaridan tibbiyot, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va xalq xoʻjaligining boshqa tarmoqlarida foydalanish borasida erishilgan muvaffaqiyatlar Algologiyaning tez sur’at bilan rivojlanishiga olib keldi. Oʻrta Osiyoda, shu jumladan Oʻzbekistonda Algologiyaning rivojlanishi akademik A. M. Muzaffarov nomi bilan bogʻlangan. Uning bevosita ishtiroki va rahbarligida 373 Oʻzbekiston algoflorasining tarkibi oʻrganilib, natijada ularning tarqalish qonuniyatlari kashf etildi. Suv oʻtlarni sunʼiy yoʻl bilan koʻpaytirib, ulardan xalq xoʻjaligining turli tarmoqlarida foydalanish mumkinligi ilmiy tomondan tahlil qilindi. Oʻzbekistonda algof-lorani rivojlantirishga qaratilgan yirik ilmiy asarlar nashr etildi. „Oʻrta Osiyo togʻ suv havzalarining suvoʻtlar florasi“, „Suvoʻtlarning geografik tarqalishi“, „Oʻrta Osiyo koʻk-yashil soʻvoʻtlari aniqlagichi“, „Xlorella va uni qoʻllash“, „Oʻrta Osiyo suv havzalari va algoflorasining rivojlanishi va tarqalish qonuniyatlari“, „Oʻrta Osiyo protokokk suv oʻtlari aniqlagichi“ kabi qator asarlar shular jumlasidandir. Bu sohadagi ishlar ayni vaqtda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika institutida davom ettirilmoqda.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil