Aleksandr Kolchak

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Aleksandr Vasilyevich Kolchak (1873, Sankt-Peterburg — 1920, Irkutsk) — Rossiya harbiy arbobi, qutb tadqiqotchisi, gidrolog, Rossiyadagi Fukarolar urushida oqlar harakatining bosh rahbarlaridan biri, admiral (1918). Qutbga uyushtirilgan ekspeditsiyalarda (1900-02, 1903, 1908-11) qatnashgan. Birinchi jahon urushi davrida Qora dengiz floti qoʻmondoni (1916—17). Bolsheviklar hokimiyati va sovet rejimiga qarshi kurashgan. 1918-yil oktabrda inglizlar yordamida Omskiy egalladi. 4-noyabrda Ufa direktoriyasi (Butun Rossiya muvaqqat hukumati) tarkibiga harbiy va dengiz vaziri qilib kiritildi. 18-noyabr da Omskda harbiy toʻntarish qilib, Ufa direktoriyasini tarqatib yubordi va Butun Rossiya Omsk hukumatini tuzdi (rais — Vologodskiy P.), oʻzini "Rossiya davlatining oliy hukmdori" deb atadi. K. Sibir, Ural, Uzoq Sharqda qattiqqoʻllik bilan tartib oʻrnatdi. U Rossiyaning quruqlik va dengizdagi butun qurolli kuchlari Oliy bosh qoʻmondoni unvoniga sazovor boʻlgan. K. Turkistondagi shoʻrolarga qarshilik harakati rahbarlaridan Madaminbek, Katta Ergash, Junaidxon bilan aloqalar oʻrnatib, ularni oʻz rahbarligida "Yagona Rossiya uchun sovet rejimiga qarshi kurash"ga daʼvat qildi. Biroq, uning bu daʼvatlarini milliy yetakchilar qatʼiy rad qilib, Turkiston mustaqilligi uchun kurashdilar. K. 1919-yil noyabrda qizil armiya qoʻshinlaridan magʻlubiyatga uchrab, Omskdan Irkutskka chekingan. 1920-yil 4-yanvarda Oliy bosh qoʻmondonlik vakolatini sirtdan Denikinga topshirdi. 15-yanvarda Irkutskda oq chexlar tomonidan asir olinib, bolsheviklarga berildi, 7-fevralda Irkutsk Favqulodda komissiyasi (CHK) tomonidan otib oʻldirildi.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Grajdanskaya voyna v Rossii: perekrestok mneniy, M., 1994.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil