Al-Jome’ As-Sahih

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Al-Jomeʼ As-Sahih — Islomda ishonchliligi jihatidan Qur’ondan keyingi ikkinchi manba boʻlib hisoblangan A. J.s Imom Buxoriyning shuhratini olamga taratgan asar hisoblanadi. Musannif uni yozish uchun umrining oʻn olti yilini sarf etgan.

Imom Buxoriy bu asarni yaratishiga ustozi Ishoq ibn Rohavayhning tashviqi va oʻzining koʻrgan tushi sabab boʻlgan. Oʻzining yozishicha, u tushida Muhammadni koʻradi. Taʼbirchilarga uning bu tushi paygʻambar hadislarini har xil yolgʻon va shubhalardan tozalab toʻplashiga ishora ekanini aytadilar.

Imom Buxoriy oʻzi yod bilgan olti yuz ming hadisdan sahihlarini va sanadi Muhammadga yetib boradiganlarini tanlab, ularni jamlashga jazm etgan. Al-Jomeʼ As-Sahihning yozilishi turli davrlarda va turli hududlarda davom etgan. Imom Buxoriy biror hadisni oʻz toʻplamiga kiritishdan oldin oʻsha hadis matni va sanadini, sanad silsilasidagi roviylarning ishonchlilik darajasini tekshirgan va sanadning paygʻambargacha yetib borishiga ahamiyat bergan. Kitobning „Jomeʼ“ deb nomlanishiga sabab, ahli hadislar tomonidan toʻrt fanga boʻlib oʻrganilgan va har bir fan boʻyicha alohida kitob tasnif qilingan. Ular: Sunnat,Tafsir, Siyrat, Zuhd va raqoiq fanlari. Imom Buxoriy A. J.s.da mazkur fanlarning barchasiga tegishli hadislarni jamlagan. A. J.s.ga 7275 ta kiritilgan hadis Muhammad ibn Fuodga koʻra, yetti ming besh yuz oltmish uchtadan iborat. Mazkur asarni toʻqson mingga yaqin talaba Imom Buxoriyning oʻz ogʻzidan tinglagan. Ulardan Muhammad ibn Yusuf Firabriy va Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy kabi asar rivoyat qiluvchilar yetishib chiqdi. A. J.s.as.i dunyoda eng koʻp tadqiq etilgan asarlardan biridir. Unga bitilgan sharhlarning eng mashhurlari quyidagilar: Hofiz ibn Hajar Asqaloniy (vaf. 852/1448)ning „Fath al-boriy fi sharhi Sahih al-Buxoriy“, Badriddin Muhammad Ayniy (vaf. 855/1451)ning „Umdat al-qoriy sharhi sahih al-Buxoriy“[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 27-28.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480 bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.