Al-Haririy
Al-Haririy | |
---|---|
Tavalludi | 1054 |
Vafoti | 10-sentyabr 1122 |
Ijod qilgan tillari | Arab tili |
Al-Haririy (1054–1122). Maqoma janri basralik arab mashhur uslubchi al-Haririy ijodida yanada rivojlantirildi. Ipak sotuvchi savdogar otasidan al-Haririy minglab xurmo daraxtlari ekilgan katta yerni meros qilib olgan. Bu esa unga o‘zini adabiy faoliyatga butunlay bag‘ishlash imkonini bergan. Rivoyatlarga qaraganda, shoir nihoyatda xunuk bo‘lgan. Buni anglagan shoir hatto bit she’rida do‘stlariga uning she’r o‘qishini tinglaganda asardan olgan taassurotlari, xunuk basharasi ta’sirida yo‘qolib qolmasligi uchun, unga qaramaslikni maslahat bergan. Al-Haririy juda alg‘ov-dalg‘ov davrda yashagan.
XI asrning birinchi yarmida o‘g‘uz qabilalari saljuqiylar boshchiligida xalifalik hududidagi mayda podsholiklarni supurib tashladilar, Eron, Iroq, Kavkaz ortini bosib oldilar va Saljuqiylar davlatiga asos soldilar (1038–1157). Saljuqiylar hokimiyatni mustahkamlashga intilib musulmon ruhoniylari, fors zodagonlari, ayniqsa boy shaharliklar va savdogarlar bilan murosa qilganlar. Saljuqiylar sultoni Malikshohning (1072–1092) vaziri – yaxshi ma’mur va ma’rifat tarafdori fors Nizomulmulk Iroqning madaniy jihatdan yuksalishi uchun ko‘p xizmat qilgan. Xususan, uning davrida Basra va Bag‘dodda ilohiyot maktablariga asos solingan. Ular keyinchalik asoschisining nomidan kelib chiqib Nizomiy deb atala boshlagan. 1092 yilda Malikshoh va Nizomulmulk Hashshoshiylar, ya’ni Ismoiliylarning maxfiy ordeni a’zolari tomonidan o‘ldirilganlar, shundan so‘ng mamlakatda yana ichki nizolar boshlanib ketgan.Biroq al-Haririy siyosiy kurashda ishtirok etishdan o‘zini tortgan va hokimiyat vakillari bilan kelishishga harakat qilgan. U Basrada ancha yuqori lavozim – axborot xizmatining boshlig‘i lavozimini egallab turgan, Bag‘dodga ko‘p borgan hamda xalifalikning ko‘plab yuqori martabali shaxslari bilan xat yozishib turgan. U xalifa al-Mustarshid (Saljuqiylar davlatining susayishi xalifalik hokimiy[1]atining kuchayishiga olib kelgan) hamda Dubays (Iroqdagi kichikroq podsholik hukmdori)ning homiyligidan foydalangan. Dubaysni al-Haririy hatto o‘z maqomalaridan birida ulug‘lagan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ziyauddinova Muxlisa „7.1.“, . Arab adabiyoti tarixi, 2020.