Akvarium

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Chuchuk suvli akvarium.

Akvarium (lotincha aqua — „suv“, arium — „joy“, „xona“) manzarali baliqlar saqlash va boqish uchun ishlatiluvchi shaffof devorli idishdir. Baʼzan akvariumlarda baliqlardan tashqari suvoʻtlar, suvda ham quruqlikda yashovchilar yoki suvda yashovchi sut emizuvchilar boqilishi mumkin. Akvariumni suvli vivariy deb ham atashadi.

Akvarium (lot. aqua — suv) — 1) suv hayvonlari va oʻsimliklarini tirik saqlash va koʻpaytirish uchun foydalaniladigan shisha idish. Foydalanish maqsadi va organizmlar uchun zarur boʻlgan sharoitga binoan akvariumning tuzilishi, shakli va oʻlchami har xil boʻladi. Akvarium odatda yaxlit shishadan yoki sinchi metalldan, devori shishadan yasaladi. Akvarium yasash uchun baʼzan organik shishadan ham foydalaniladi: Standart akvarium toʻgʻri burchakli, balandligi bilan eni bir xilda, boʻyi enidan 1,5-marta uzunroq qilib yasaladi. Devorga qoʻyiladigan akvariumning oldingi devori egik boʻladi. Akvarium tubiga yuvib tozalangan daryo qumi (zarrachalarning oʻlchami 2-4 mm) solinadi. Baliq boqish uchun akvarium suvi kislorodga toʻyingan, undagi mineral tuzlarning tarkibi va nisbati muayyan miqdorda boʻlishi lozim. Suvni kislorodga toʻyintirish uchun akvariumda suv oʻsimliklari oʻstiriladi, oʻsimliklar har kuni 10-12 soat davomida yoritib turiladi. Yorugʻlikda oʻsimliklar akvarium baliqlari nafas olganida chiqadigan karbonat angidrid gazini oʻzlashtirib, kislorod ajratib chiqaradi, suvdagi mineral moddalarni shimib oladi. Suvni doimo toza saqlash uchun akvarium devori tozalab turiladi, suv tubiga choʻkkan chiqindilar olib tashlanadi, bugʻlangan suvning oʻrni toʻldirib turiladi. Akvariumda suv yuzasida (ruchchiya, salviniya, suv salati va boshqalar) va suv qaʼrida qalqib turadigan (elodeya, urut, lyudvigiya va boshqalar), suv tubiga yopishib oʻsadigan (vallisneriya, oʻqyoybarg, aponogeton, exinodorus, kriptokorina va boshqalar) oʻsimliklar oʻstirish mumkin. Akvariumning ustini shisha bilan yopib, qopqoqni cheti havo kirib turishi uchun bir oz ochib qoʻyiladi. Ilmiy laboratoriyalarda, baʼzan xonadonlarda ham Akvarium suvi nasos yordamida havo yuborish bilan kislorodga toʻyintiriladi, qum va faollashtirilgan koʻmir orqali oʻtkazib tozalab turiladi; 2) ilmiy tadqiqot oʻtkazish yoki namoyish qilish maqsadida dengiz yoki chuchuk suv hayvonlari va oʻsimliklari namunalarini tirik holda saqlaydigan muassasa. U suv hayvonlari va oʻsimliklarining hayoti oʻrganiladigan va namoyish etiladigan ilmiy muassasalar va hayvonot bogʻlarida (shu jumladan, Toshkent hayvonot bogʻida) barpo etilgan. Dastlabki akvariumlar XIX asrning 2- yarmida qurila boshlagan (Sevastopol −1871, Neapol −1872). Dengiz hayvonlarini oʻrganish uchun akvarium odatda dengiz sohiliga yaqin joyda quriladi. Eng yirik akvariumlar Neapol, Bombey, Sevastopolda qurilgan. Dengiz akvariumi baʼzan okeanarium deb ham ataladi[1].

Odatda akvarium deyilganda, xonaki akvarium tushuniladi. Xonaki akvarium hajmi koʻpi bilan 1000 litr boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, jamoat akvariumi deb ataluvchi katta hajmli (7500 kub metrgacha) akvariumlar ham mavjud boʻlib, ular hayvonot bogʻlarida, okeanariumlardagi yirik dengiz hayvonlarini saqlash va namoyish qilish uchun quriladi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil