Kontent qismiga oʻtish

Akusherlik

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Akusherlik — klinik tibbiyotning bir sohasi. Homiladorlik, tugʻruq vaqtida va tugʻruqdan keyin (chilla davrida) ayol organizmida sodir boʻladigan fiziologik va patologik jarayonlarni oʻrganadi. Asosiy vazifasi: tugʻruqqa yordam berish, homiladorlik kasalliklari (masalan, toksikozlar)da tugʻruq, tugʻruqdan keyin (tugʻruq vaqtidagi shikastlar, qon ketishi va boshqalar) yuzaga kelishi mumkin boʻlgan asoratlarning oldini olish, asoratlar paydo boʻlganda esa ayolga, homila va yangi tugʻilgan chaqaloqqa tibbiy yordam koʻrsatishning eng maqbul usullarini ishlab chiqishdan iborat. Bu vazifani kasalxonalar, tugʻruqxonalar yoki qishloq vrachlik punktlarida akusher-vrach yoki akusherka bajaradi. Akusherlik tibbiyotning qadimgi sohalaridan biri. Tibbiyotga oid qadimiy kitoblarda (masalan, „Ayurveda“) tugʻruqqa yordam berishning ayrim usullari keltirilgan. Abu Ali Ibn Sino oʻzining „Tib qonunlari“ asarida xotin-qizlar gigiyenasi va kasalliklariga, jumladan akusherlikka alohida bob ajratgan. Ilmiy akusherlik XVII—XVIII asrlardan boshlab anatomiya, embriologiya, fiziologiya va klinik tibbiyot sohasidagi yutuqlar bilan bogʻliq holda rivojlanmoqda. Akusherlik bilan ginekologiya bir butun fandir. XIX asrda efir va xloroformdan ogʻriqsizlantirish maqsadida foydalanish, infeksiyaning tarqalish yoʻllari va unga qarshi kurash usullarining kashf etilishi akusherlikning taraqqiy etishiga turtki boʻldi. Akusherlikda jarroxlik usullari keng qoʻllanila boshlandi. XX asrda kimyo, fiziologiya, bakteriologiya va boshqa nazariy fanlar yutuqlarining akusherlikda joriy etilishi akusherlikning bir qancha masalalarini, masalan, homiladorlik fiziologiyasi va diyetetikasi, tugʻruqni ogʻriqsizlantirish, homiladorlarda kechadigan ayrim kasalliklar, toksikozlar, anemiya va boshqalarni chuqurroq anglash imkonini berdi. Oʻzbekiston Respublikasi da akusherlik ijtimoiy masala darajasiga koʻtarilib, ona va bolalikni muhofaza qiladigan juda koʻp muassasalar ishlab turibdi. Akusherlik oliy va oʻrta tibbiyot oʻquv yurtlarida fan sifatida oʻqitiladi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil