Ahmadjon Shukurov (xonanda)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Ahmadjon Shukurov (1949.26.2, hozirgi Peshku tumani) — xonanda, Oʻzbekiston (1992) va Qoraqalpogʻiston (1993) xalq artisti. Buxoro pedagogika institutini tugatgan (1973). Ilk sanʼat saboqlarini otasi shoir Shukur Aziziydan olgan. Keyinchalik unga F.Toʻrayev, O.Atoyev, F.Umarov, K. Otaniyozovlar ustozlik qilishgan. Oʻzbek davlat filarmoniyasi (1970—73), Oʻzteleradioqoʻmitasining xor jamoasi (1973—77), "Bahor" ansambli (1977—86) yakkaxon xonandasi, "Zarafshon" ansambli tashkilotchilaridan va birinchi badiiy rahbari (1986—98), Buxoro teatri direktori va badiiy rahbari (1998—2002), Oʻzteleradiokompaniyasining "Maʼnaviyat" studiyasi katta muharriri (2002 yildan). Jozibali, mayin ovoz sohibi. Buxoro—Samarqand xonandalik maktabi vakili. Repertuaridan oʻzbek mumtoz ("Nasri Uz zol", "Guluzorim", "Chorzarb" va boshqalar) va xalq (Mavrigi turkumlari, jumladan, "Saraxbori Javoni" va boshqalar), shuningdek, oʻzi bastalagan ("Oʻrtadi", Husayn Boyqaro sheʼri; "Laziz", Huvaydo; "Gulgul", Xolis; "Tanlaganim", N.Narzullayev va boshqalar) ashula va qoʻshiqlari oʻrin olgan. Sh., shuningdek, raqsbop qoʻshiq ("Biyo yor", "Ayting") va raqs quylari ("Buxorocha tarona" va boshqalar), "Malikai Buxorxudot" musiqali drama muallifi. Ijrolari 3 gramplastinka ("Chorzarb", 1971; "Bahorim", 1980; "Nozligim", 1985) ga yozilgan.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil